Apple nafaqat sun’iy intellekt gadjetlari bozoriga, balki oddiy ko‘zoynaklarning ommaviy bozoriga ham kirishni istaydi, deya xabar berdi Mark Gurman o‘zining “Power On” nashrida.

Uning ma’lumotlariga ko‘ra, Apple 2027-yil oxirigacha aqlli ko‘zoynaklarni chiqarishni rejalashtirmoqda.

Bunda kompaniya nafaqat Meta’ning Ray-Ban ko‘zoynaklari bilan, balki an’anaviy ko‘zoynak ishlab chiqaruvchilari bilan ham raqobatlashish niyatida.

Apple’ning g‘oyasiga ko‘ra, qurilma texnologiya ixlosmandlari uchun mo‘ljallangan maxsus gadjet emas, balki iPhone egalari uchun ommaviy aksessuarga aylanishi kerak.

Gurman aqlli ko‘zoynaklarning bozorga chiqish strategiyasini Apple Watch’ning taqdimoti bilan qiyosladi: u ham o‘z vaqtida mavjud qo‘l soatlari bozoriga kirib kelgan va asta-sekin alohida ommabop kategoriyaga aylangan edi.

Aqlli ko‘zoynaklarda nafaqat texnologiyaga, balki dizaynga ham urg‘u berishmoqchi. Shunda ular “yuzdagi kompyuter” sifatida emas, balki oddiy aksessuar sifatida qabul qilinadi.

Ko‘zoynaklar bir nechta gardish variantlariga, iPhone bilan integratsiyaga va sun’iy intellekt funksiyalariga ega yangi Siri’ga ega bo‘lishi mumkin.

Aftidan, Apple qimmatbaho AR-garnituralar segmentini emas, balki ommaviy aksessuarlar toifasiga kiruvchi $200−500 narx oralig‘ini mo‘ljalga oladi.

Apple’ning bo‘lajak aqlli ko‘zoynaklari, aftidan, surat va video olish, qo‘ng‘iroqlarni qabul qilish, bildirishnomalarni ko‘rsatish va ovozli buyruqlar orqali foydalanuvchiga yordam berish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, iPhone, Siri va Apple Intelligence sun’iy intellekt funksiyalari bilan integratsiya ham rejalashtirilgan.


Avvalroq Spot Samsung o‘zining aqlli ko‘zoynaklarini ishlab chiqayotgani haqida yozgandi.