Olmaotada sunʼiy intellekt, raqamli iqtisodiyot va innovatsion infratuzilmani rivojlantirishga bag‘ishlangan mintaqadagi yirik texnologik tadbirlardan biri — GITEX AI Kazakhstan xalqaro forumi bo‘lib o‘tadi.

Forum global GITEX ekotizimining bir qismi hisoblanadi hamda Qozog‘iston Respublikasi Raqamli rivojlanish va sunʼiy intellekt vazirligi ko‘magida, Astana Hub va Olmaota hokimiyati bilan hamkorlikda o‘tkaziladi.

Tadbir 60 dan ortiq mamlakatdan biznes, davlat tuzilmalari, investorlar va texnologik kompaniyalar vakillarini birlashtiradi. Dasturdan 300 dan ortiq eksponentlar, 200 ta startap va 4500 dan ziyod top-menejment vakillarining ishtiroki o‘rin olgan.

Forum doirasida sunʼiy intellekt (AI) va intellektual infratuzilmani rivojlantirish, maʼlumotlar markazlari, kiberxavfsizlik, sanoat 4.0, energetika, investitsiyalar va raqamli moliya masalalariga bag‘ishlangan tematik sessiyalar rejalashtirilgan. Shuningdek, innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va investitsiyalarni jalb etishga qaratilgan startap-ko‘rgazma hamda Supernova Pitch tanlovi ham ko‘zda tutilgan.

Forum 2026-yilning 4−5-may kunlari Olmaotadagi IEC Atakent maydonida bo‘lib o‘tadi. Ishtirok etish uchun oldindan ro‘yxatdan o‘tish zarur, tashrif buyurishning turli formatlari, shu jumladan bepul visitor-passlar mavjud.