29-noyabrdan 6-dekabrga qadar Toshkentda Iteca Exhibitions ishtirokida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilayotgan New Uzbekistan: Crossroads of Global Markets xalqaro biznes-forumi bo‘lib o‘tadi.
Unda 50 dan ziyod mamlakatdan 1000 dan ortiq biznes vakillari ishtirok etishi kutilmoqda. Dastur doirasida ishlab chiqaruvchilar, eksportchilar, importchilar, investorlar va davlat tuzilmalari vakillari ishtirokida B2B va B2G formatlarida 500 dan ortiq uchrashuvlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Forum to‘qimachilik va charm-poyabzal sanoati, elektrotexnika, qurilish materiallari, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, turizm, IT, farmatsevtika, mebelsozlik, zargarlik va tog‘-kon sanoati kabi 12 ta sohani qamrab oladi.
Ishtirokchilar o‘z mahsulotlarini taqdim etish, salohiyatli xaridor va yetkazib beruvchilarni topish, shuningdek, qo‘shma loyihalar hamda xalqaro bozorlarga chiqish istiqbollarini muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Ishbilarmonlik dasturi ikki bosqichda o‘tkaziladi. 29-noyabrdan 2-dekabrgacha asosiy e’tibor Yevropa, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Markaziy va Janubiy Osiyo hamda Kavkaz mamlakatlari bilan hamkorlikka qaratiladi. 4−5-dekabr kunlari esa MDH davlatlari, Xitoy va boshqa mintaqalar vakillari bilan uchrashuvlar rejalashtirilgan.
Ishbilarmonlik dasturi va B2B-uchrashuvlarda ishtirok etish bepul. Xorijiy mehmonlar uchun transfer xizmatlari, hamkor mehmonxonalarda yashash uchun chegirmalar va zarur hollarda viza yordami ko‘zda tutilgan.
Ishtirok etish uchun saytda oldindan ro‘yxatdan o‘tish zarur. Qo‘shimcha ma’lumotlarni +998 71 232 09 01 telefoni orqali olish mumkin.