24−26-noyabr kunlari Toshkentda ilk bor Markaziy Osiyo miqyosidagi Techstars Startup Week 2026 xalqaro startap festivali bo‘lib o‘tadi. Tadbir Techstars akseleratori, UzVC milliy venchur fondi hamda Hackonnect kompaniyasi hamkorligida tashkil etilmoqda.
Festivalda 5 mingga yaqin ishtirokchi, 500 dan ortiq startap va 100 dan ziyod investor qatnashishi kutilmoqda. Spikerlar 23 ta mamlakatdan, jumladan, AQSH, Yaponiya, Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyo davlatlaridan tashrif buyuradi.
Festival dasturi 12 xil formatdagi 100 dan ortiq sessiyani o‘z ichiga oladi. Maydonda parallel ravishda uchta sahna, Startup Alley startaplar ko‘rgazmasi, shuningdek, o‘yin va kovorking hududlari faoliyat yuritadi. Ishtirokchilarni panel munozaralari, ma’ruzalar, mahorat darslari, loyihalar taqdimoti va investorlar bilan yuzma-yuz uchrashuvlar kutmoqda.
Festivalning har bir kuni alohida mavzuga bag‘ishlanadi:
- 24-noyabr — Corporate Day. Startaplarning yirik korporatsiyalar va davlat tuzilmalari bilan hamkorligi muhokama qilinadi. UzVC Startup Growth Program 3.0 dasturining Demo Day bosqichi doirasida 14 ta startap o‘z natijalarini namoyish etadi.
- 25-noyabr — Founder Day. Xalqaro ekspertlarning chiqishlari, venchur investorlar bilan uchrashuvlar hamda UzVC SGP Life Sciences akseleratsiya dasturining 16 ta loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tadi.
- 26-noyabr — Creative Economy. Kreativ iqtisodiyotga bag‘ishlangan konferensiya, Startup Week Awards taqdirlash marosimi va festivalning yopilish tantanasi bo‘lib o‘tadi.
Taklif etilgan spikerlar qatorida Techstars Japan boshqaruvchi direktori Yuki Shirato, Fasset hammuassisi va bosh direktori, shuningdek, xalqaro investitsiya fondlari vakillari bor.
Startap asoschilari o‘z loyihalarini pitch-sessiyalarda taqdim etishlari, Speed Dating formatida investorlar bilan muloqot qilishlari hamda 25 ta stend ajratilgan Startup Alley ko‘rgazmasida ishtirok etish uchun ariza topshirishlari mumkin.
Boshlovchi tadbirkorlar uchun ma’ruzalar, sun’iy intellekt bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar va tajribali asoschilar bilan uchrashuvlar tashkil etiladi. Korporatsiyalar vakillari esa ilg‘or texnologik loyihalar bilan yaqindan tanishib, hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilishlari mumkin.
Ishtirok etish bepul, oldindan havola orqali ro‘yxatdan o‘tish lozim.