O‘zbekistonda o‘z startapini rivojlantirayotgan xotin-qizlar uchun PizzaPitch Women pitch-tanloviga arizalar qabuli ochildi. Tadbir Yandex Uzbekistan bilan birgalikda hamda U-Enter, UzVC, Hackonnect, Bellissimo Pizza va BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) ko‘magida o‘tkaziladi.
Tanlovda ishtirok etish uchun biznes g‘oya va minimal yashovchan mahsulotdan (MVP) tortib, amaldagi biznesgacha bo‘lgan turli rivojlanish bosqichidagi loyihalar asoschilari taklif etiladi.
Ishtirokchilar o‘z loyihalarini ekspertlarga taqdim etishlari kerak bo‘ladi. Taqdimot uchun besh daqiqa ajratilib, shundan so‘ng savol-javob va fikr-mulohazalar bildirish rejalashtirilgan. Shuningdek, finalchilar uchun pitching bo‘yicha mahorat darsi ham tashkil etiladi.
Umumiy sovrin jamg‘armasi 45 million so‘mni tashkil qiladi. Uch nafar g‘olibaning har biri 15 million so‘mdan oladi, barcha o‘n nafar finalchiga esa Yandex Uzbekistan’dan esdalik sovg‘alari topshiriladi.
Yarim final 19-noyabr kuni U-Enter maydonchasida bo‘lib o‘tadi. Final 25-noyabr kuni Techstars Startup Week bosh sahnasida o‘tkaziladi, g‘oliblar esa 26-noyabrda e’lon qilinadi.
Arizalar qabul qilish 15 noyabr soat 18:00 gacha ochiq. Ishtirok etish uchun tanlov saytida ro‘yxatdan o‘tish shaklini to‘ldirish lozim.