12−14-noyabr kunlari Toshkentda banklar, fintex-kompaniyalar, tartibga soluvchi organlar va texnologik biznes vakillarini bir maydonda jamlaydigan FINOBOD 2026 xalqaro fintex-forumi bo‘lib o‘tadi.
Tadbir mintaqada moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish hamda raqamli iqtisodiyot istiqbollariga bag‘ishlanadi. Dastlabki ikki kun davomida ishtirokchilar ekspertlar muhokamalarida qatnashish, amaliy keyslar bilan tanishish hamda moliya va texnologiya bozorlarining dolzarb masalalarini ko‘rib chiqish imkoniga ega bo‘ladilar.
Dastur doirasida, shuningdek, soha vakillari bilan uchrashuvlar, tajriba almashish hamda moliya tashkilotlari va texnologik kompaniyalar o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish rejalashtirilgan.
14-noyabr kuni barcha xohlovchilar uchun ochiq bo‘lgan ko‘rgazma bo‘lib o‘tadi. Unda tashrif buyuruvchilar moliyaviy texnologiyalar sohasidagi ilg‘or yechim va ishlanmalar bilan yaqindan tanishishlari mumkin.
Ishtirok etish uchun bepul va pullik formatlar ko‘zda tutilgan. Qatnashish va ro‘yxatdan o‘tish shartlari tanlangan dasturga bog‘liq.