4−7-may kunlari Savdo-sanoat palatasi tomonidan eksport salohiyatini kengaytirish va tadbirkorlarning xalqaro bozorlarga chiqishiga qaratilgan Gonkongga biznes-missiya tashkil etiladi.
Dastur doirasida ishtirokchilar Gonkong biznes vakillari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchrashuvlar o‘tkazishlari, shuningdek, mintaqaning asosiy innovatsion va ishbilarmonlik maydonchalariga tashrif buyurishlari mumkin. Ular orasida texnologiyalarni rivojlantirish va startaplarni qo‘llab-quvvatlash uchun yaratilgan Hong Kong Science and Technology Park, IT, fintech va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish markazi bo‘lgan Cyberport, shuningdek, kompaniyalarga innovatsiyalarni joriy etish va samaradorlikni oshirishga yordam beradigan Hong Kong Productivity Council mavjud.
Shuningdek, dasturda mintaqaning innovatsion va sanoat infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli tashabbus — Northern Metropolis loyihasi bilan tanishish ham nazarda tutilgan.
Qo‘shimcha ravishda “Made in Uzbekistan” ko‘rgazmasi tashkil etiladi, unda ishtirokchilar o‘z mahsulotlarini namoyish etishlari va ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatishlari mumkin bo‘ladi.
Missiya xorijiy bozorlarga chiqish va yangi hamkorlar izlashdan manfaatdor tadbirkorlarga mo‘ljallangan. Ishtirok etish uchun oldindan ro‘yxatdan o‘tish talab qilinadi.