O‘zbekiston moliya sektorini transformatsiya qilishda sezilarli dinamikani namoyon etmoqda. Asosiy ko‘rsatkichlar barqaror o‘sishni hamda xalqaro biznesning qiziqishi ortib borayotganini tasdiqlaydi.
2025-yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga ko‘ra, naqd pulsiz to‘lovlarning ulushi 43% ga yetdi. To‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar 46,9% ga oshib, asosiy kapitalga kiritilgan jami sarmoyalarning 40,5% ini tashkil etdi. Mamlakatga pul o‘tkazmalari hajmi $18,9 mlrdga yetdi. Bu ma’lumotlar barqaror tendensiyani aks ettiradi. O‘zbekiston moliyaviy texnologiyalar va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish uchun istiqbolli bozor sifatidagi o‘z mavqeyini mustahkamlamoqda.

Mamlakatda moliyaviy texnologiyalar an’anaviy bank sektoridan ancha kengroq rivojlanmoqda. Bozor asta-sekin banklar, texnologik kompaniyalar va yangi raqamli servislar o‘zaro hamkorlik qiladigan yaxlit ekotizim sifatida shakllanib bormoqda.
To‘lov tashkilotlari, elektron hamyonlar, QR to‘lovlar, P2P servislar, elektron tijorat yechimlari, raqamli identifikatsiya va skoring texnologiyalari jadal o‘sib bormoqda. “Embedded finance” hamda kichik va o‘rta biznes uchun xizmatlar rivojlanmoqda. Transchegaraviy to‘lovlar va “Open Banking” sohasidagi yechimlarga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Fintex kundalik jarayonlarga singib ketgan infratuzilmaga aylanmoqda. U xizmatlardan foydalanishni osonlashtiradi, operatsiyalarni tezlashtiradi hamda foydalanuvchilar, biznes va davlat o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning yangi modellarini shakllantiradi.
Ekotizim rivojlanib borgani sari harakatlarni muvofiqlashtirish va hamkorlikda ishlashga bo‘lgan ehtiyoj ortib bormoqda. Bozor ishtirokchilari tartibga solish, texnologik moslashuvchanlik, foydalanuvchilar himoyasi va raqamli xizmatlarga bo‘lgan ishonch masalalarini tobora ko‘proq kun tartibiga olib chiqmoqda.

Shuningdek, ma’lumotlarni boshqarish, raqobatni rivojlantirish va yechimlarni kengaytirish kabi mavzular ham muhokama qilinmoqda. Bu yo‘nalishlar tizimli yondashuvni hamda bozorning barcha ishtirokchilari o‘rtasida doimiy o‘zaro hamkorlikni talab etadi.
Shu bois muloqot uchun yagona platformaga ehtiyoj yuzaga kelmoqda. Bu shunday bir makonki, u yerda nafaqat yechimlarni taqdim etish, balki sohaning muhim masalalarini muhokama qilish, tajriba almashish va birgalikda yondashuvlar ishlab chiqish mumkin. Bunday platforma davlat tuzilmalari, biznes va texnologik kompaniyalarni birlashtira oladi. U o‘zgarishlarga tezroq moslashish hamda kelishilgan qarorlarni shakllantirish imkonini beradi.

28-aprel kuni Toshkentda tartibga soluvchi organlar va biznes vakillari ishtirokida yopiq uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbir ishtirokchilari doirasi cheklangan bo‘lib, u mazmunli muloqot o‘tkazishga qaratilgan edi.
Uchrashuvning asosiy maqsadi professional fintex hamjamiyatini shakllantirishni boshlashdan iborat edi. Gap bozor ishtirokchilari alohida-alohida emas, balki umumiy kun tartibi doirasida ishlaydigan muhitni yaratish haqida bormoqda.
Uchrashuvda sohani rivojlantirishning amaliy masalalari hamda bozor ishtirokchilari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikka oid yondashuvlar muhokama qilindi. Biznes va texnologiyalarning real ehtiyojlarini hisobga olgan holda tashabbuslarni qanday yo‘lga qo‘yish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Ishtirokchilar muloqot va yechimlarni birgalikda ishlab chiqish muhimligini ta’kidladilar. Bunday yondashuv bozorning yanada o‘sishi uchun mustahkam zamin yaratishga xizmat qiladi. Geografik joylashuv, iqtisodiy dinamika va raqamli transformatsiyaning uyg‘unligi mintaqaning xalqaro kompaniyalar hamda investorlar e’tiborini tobora ko‘proq jalb etishiga sabab bo‘lmoqda. O‘zbekiston fintex-yechimlarni ishga tushirish va kengaytirish uchun platforma sifatida ko‘rilmoqda. Bu esa tajriba almashish va transchegaraviy loyihalarni rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Says kompaniyasi fintex sohasida ochiq, professional va jonli muloqotni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkor sifatida ushbu jarayonning bir qismi bo‘lishga tayyor. Jamoaning maqsadi shunchaki tadbir tashkil etish emas, balki O‘zbekiston nafaqat o‘sib borayotgan bozor, balki uzoq muddatli texnologik hamkorlik uchun makon sifatida qabul qilinadigan yangi ishbilarmonlar hamjamiyatini shakllantirishga ko‘maklashishdan iborat.
Yopiq uchrashuv ilk qadam bo‘ldi. Uning yakunlari bo‘yicha ishtirokchilarning takliflarini to‘plash va faoliyatning keyingi yo‘nalishlarini belgilab olish rejalashtirilgan. Asosiy e’tibor amaliy tashabbuslarga va sohani uzoq muddatli rivojlantirishga qaratiladi. Bunday yondashuv barqaror fintex-ekotizimni bosqichma-bosqich shakllantirishga va mintaqaning xalqaro xaritadagi mavqeini mustahkamlashga yordam beradi.
Reklama huquqlar asosida.