O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasining (UzNIF) aksiyalari Toshkent fond birjasining kotirovka varag‘iga kiritildi, deb xabar berdi jamg‘arma matbuot xizmati.

7-maydan boshlab fondning oddiy aksiyalari UZ7058980010 kodi bilan birja kotirovka varag‘ining Stock Market (aksiyalar bozori) maydonchasi Premium toifasiga kiritildi. Ularga UZNF tikeri berildi.

UzNIF qimmatli qog‘ozlarining fond birjasidagi savdolari 18-maydan boshlanishi kutilmoqda.

29-aprel kuni UzNIF hajmi $1,95 mlrdgacha bo‘lgan IPO boshlanganini e‘lon qildi. E‘longa ko‘ra, Iqtisodiyot va moliya vazirligi fond aksiyalarining qariyb 30% ini Toshkent va London birjalarida joylashtirishni rejalashtirmoqda. Joylashtirish narxi — GDR uchun $25 (bitta depozitar tilxat 64 700 ta aksiyaga teng) va har bir aksiya uchun 4,65 so‘m.

Arizalar qabuli taxminan 12-maygacha (London vaqti bilan 12:00, Toshkent vaqti bilan 17:00) davom etadi. 12 mlrd so‘mgacha bo‘lgan arizalariga 5% chegirma oladigan chakana investorlar joylashtiruvda mahalliy brokerlar yoki Jett ilovasi (limit — 200 mln so‘mgacha) orqali ishtirok etishi mumkin.

6-may kuni Spot manbasi UzNIF‘ning birlamchi ommaviy joylashtiruvi uchun arizalar kitobiga talab uch barobardan ko‘proq oshgani haqida xabar berdi (fondning ishonchli boshqaruvchisi Franklin Templeton tafsilotlarni oshkor qilishdan bosh tortdi). Boshqa bir manbaning ta‘kidlashicha, agar talab taklifdan oshib ketsa, 200 mln so‘mgacha ariza topshirgan chakana investorlarga ustuvor taqsimot beriladi.

Shu kuni Bloomberg ham butun joylashtirish hajmiga talab oshib ketgani haqida xabar berdi. Bungacha BlackRock, Franklin Resources va Redwheel kabi yirik investorlar allaqachon $300 mlnga obuna bo‘lgani ma‘lum edi.

2025-yil dekabr oyi oxirida Templeton Global Investments‘ning Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Marius Dan Spot‘ga bergan intervyusida UzNIF portfelidagi o‘zgarishlar, portfel kompaniyalarining transformatsiyasi, O‘zsanoatqurilishbank‘ning portfelga kiritilishi, shuningdek, qo‘shaloq listingli IPO rejalari haqida so‘zlab berdi.

Shuningdek, Spot IPOni tashkil etish tahlili va Milliy investitsiya jamg‘armasi aksiyalarini sotib olish uchun ariza topshirmoqchi bo‘lganlarga mo‘ljallangan yo‘riqnomani e‘lon qilgandi.


Spot, avvalroq, O‘zbekistonda kafe va restoranlar uchun QQSni qaytarish soddalashtirilishi haqida yozgandi.