BAAning Unison Capital Investment kompaniyasi O‘zbekistonda diagnostika markazlari tarmog‘ini tashkil etish niyatida. Bu haqda Dunyo axborot agentligi xabar berdi.

O‘zbekistonning BAAdagi elchisi Umid Shadiyev kompaniya ijrochi direktori Tamer Akl bilan uchrashdi. Muzokaralar mavzusi davlat-xususiy sheriklik modeli bo‘yicha sog‘liqni saqlash sohasida zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish istiqbollari bo‘ldi.

Xususan, Unison Capital Investment butun mamlakat bo‘ylab 100 ta to‘liq siklli diagnostika markazlarini tashkil etish rejalarini taqdim etdi. Ularda MRT, MSKT, rentgenografiya, dializ va laboratoriya diagnostikasi xizmatlari ko‘rsatiladi.

Farg‘ona viloyatida tibbiyot muassasalari qoshida DXSH asosida kompyuter tomografiyasi bo‘limlarini tashkil etish loyihasi ham ko‘rib chiqildi.

Qayd etilishicha, kompaniya bilan hamkorlikda aholini zamonaviy va sifatli tibbiy xizmatlar bilan ta’minlash kutilmoqda.

Uchrashuv yakunida tomonlar Unison Capital Investment rahbariyatining iyun oyida bo‘lib o‘tadigan Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishi to‘g‘risida kelishib oldilar.

Tadbir doirasida kompaniya delegatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan loyihalar bo‘yicha muzokaralar o‘tkazadi.

Ta’kidlanishicha, Unison Capital Investment tibbiyot sohasidagi loyihalar va uning kapital talab qiladigan yo‘nalishlariga ixtisoslashgan, tibbiy infratuzilmani rivojlantirish va investitsiyalarni boshqarish bilan shug‘ullanadi.

U mintaqada sog‘liqni saqlash sohasida DXSH modeli bo‘yicha loyihalarni amalga oshirayotgan birinchi tashkilotlardan biri bo‘ldi.


Avvalroq Spot 1-iyuldan xususiy klinikalar budjet hisobidan xizmat ko‘rsatishi mumkin bo‘lishi haqida yozgandi.