15−17-may kunlari Toshkentda O‘zbekistondagi ilk Global Tech Weekend festivali o‘tkaziladi. Bu startaplar, investorlar, korporatsiyalar va kreativ sanoat vakillarini birlashtiruvchi keng ko‘lamli tex-festivaldir.

Festival markazlashmagan formatda bo‘lib o‘tadi: tadbirlar shahar bo‘ylab universitetlar, akseleratorlar, innovatsion xablar va hamkorlik maydonchalarida tashkil etiladi. Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, GTWning yagona bosh sahnasi bo‘lmaydi — har bir maydoncha dastur va ma’ruzachilar ro‘yxatini mustaqil shakllantiradi.

15-may kuni ekotizim hamkorlari tomonidan tashkil etiladigan bir qator jamoatchilik tadbirlari — Opening Wave’ga start beriladi. 16-may kuni esa shaharda startaplar, kompaniyalar va texnologik hamjamiyatlar tomonidan 40 dan ortiq parallel tadbir o‘tkaziladi. Yakuniy kun texnologiyalar, madaniyat va kreativ sanoat uyg‘unligiga bag‘ishlanadi.

Global Tech Weekend doirasida 120 dan ortiq xalqaro va mintaqaviy ma’ruzachi ishtirok etishi kutilmoqda. Ular orasida:

  • futurist va Tiago Valente Studio kreativ direktori Tiago Valente;
  • Spider-Man va Call of Duty loyihalari ustida ishlagan geymdizayner Tomo Morivaki;
  • Story Kitchen prodyuseri Dmitriy Jonson;
  • IAN Group hammuassisi Padmaja Ruparel;
  • PlayCap Investments asoschisi Bibi Vikman bor.

Tashkilotchilar GTWni xalqaro aloqalarni rivojlantirish hamda Toshkentning mintaqadagi texnologik markazlardan biri sifatidagi rolini kuchaytirish uchun platforma sifatida taqdim etmoqda.

Tadbirda ishtirok etish bepul, buning uchun oldindan ro‘yxatdan o‘tish talab etiladi.