15−16-may kunlari Toshkentda GameFest 2026 o‘yin va animatsiya festivali bo‘lib o‘tadi. Tadbir dasturchilar, investorlar, noshirlar hamda kreativ sanoat vakillarini bir maydonga jamlaydi.
Dasturdan geymdev va animatsiya sohasidagi dolzarb trendlar muhokamasi, tajriba almashish va yangi loyihalar taqdimoti o‘rin olgan.
Festival bir nechta tematik yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi. Game Forum doirasida ishtirokchilar xalqaro ekspertlar bilan sohani rivojlantirish masalalarini muhokama qiladi. Animation Forum esa animatsiya va raqamli kontentga bag‘ishlanadi. Shuningdek, o‘yin prototiplarini yaratish bo‘yicha 48 soatlik International Game Jam xakatoni ham o‘tkaziladi.
Dasturda investorlar uchun startaplarning pitch-sessiyalari, bozor ishtirokchilari o‘rtasida ishbilarmonlik uchrashuvlari, shuningdek, loyihalar ko‘rgazmasi ko‘zda tutilgan.
Tadbirda 40 dan ortiq mamlakatdan 10 mingdan ziyod mehmon ishtirok etishi kutilmoqda. Tashrif buyurish uchun oldindan ro‘yxatdan o‘tish talab etiladi.