16-may kuni Stanbase platformasi Toshkentda startap asoschilari, venchur investorlar, biznes-farishtalar va mintaqaning texnologik ekotizimi vakillari uchun yopiq uchrashuv — VC Mixer’ni o‘tkazadi.

Tadbir Global Tech Weekend Tashkent 2026'ning rasmiy qo‘shimcha tadbiri (side-event) bo‘lib, IT Park Uzbekistan va CS Angels hamjamiyati ko‘magida o‘tkaziladi.

Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, VC Mixer bozor ishtirokchilari o‘rtasidagi jonli netvorking va norasmiy muloqotga bag‘ishlanadi. Dasturdan panel muhokamalari va pitch-sessiyalar o‘rin olmagan — format shaxsiy tanishuvlar, kelishuvlarni muhokama qilish va hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan.

Uchrashuvda Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlaridan venchur fondlari, Seed va Series A bosqichidagi startaplar asoschilari (founder'lar), oilaviy ofislar, korporativ hamkorlar hamda bank va yuridik soha vakillari ishtirok etadi.

Ishtirokchilarni milliy taomlardan iborat kechki ovqat, netvorking hamda investitsiya hamjamiyati vakillari bilan yopiq muloqot kutmoqda.

VC Mixer soat 18:00 dan 22:00 gacha bo‘lib o‘tadi. Ishtirok etish uchun oldindan ro‘yxatdan o‘tish talab etiladi.