20−23-may kunlari Farg‘onada National AI Hackathon tashkilotchilari sun’iy intellektga asoslangan yechimlarni ishlab chiqishga bag‘ishlangan xakatonning navbatdagi hududiy bosqichini o‘tkazadi.

Tadbirda Farg‘ona viloyatida istiqomat qiluvchi 16 yoshdan oshgan yosh dasturchilar, startapchilar va sun’iy intellekt ishqibozlari ishtirok etishi mumkin.

Ishtirokchilar jamoalarga bo‘linib, sog‘liqni saqlash, ta’lim, tadbirkorlik va kosmik texnologiyalar sohalaridagi real vazifalar uchun sun’iy intellekt mahsulotlarini yaratish ustida ishlaydi.

Shuningdek, dastur doirasida jamoalar mentorlar bilan ishlash va o‘z loyihalarini ekspertlar hay’atiga taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Tashkilotchilarning qayd etishicha, eng yaxshi jamoalar loyihalarni rivojlantirish va dasturning keyingi bosqichiga o‘tish uchun yangi imkoniyatlarni qo‘lga kiritadi.

Xakaton 20−23-may kunlari IT Park Farg‘onada bo‘lib o‘tadi. Ishtirok etish bepul, buning uchun ai-hackathon.uz saytida oldindan ro‘yxatdan o‘tish talab etiladi.