CapCut Google Gemini ilovasi bilan hamkorlikni e’lon qildi, deya xabar bermoqda Digital Trends nashri.

“Tez orada CapCut tahrirlash vositalaridan foydalanib, ilovalarni almashtirmasdan Gemini ichida rasm va videolarni bevosita tahrirlash mumkin”, — deyiladi X ijtimoiy tarmog‘idagi e’londa.

CapCut X ijtimoiy tarmog‘ida bu yangilikni tasdiqladi va foydalanuvchilar “Gemini ilovasida tasvir va videolarni bevosita tahrirlashlari, CapCut’ning ijodiy va tahrirlash uchun kengaytirilgan imkoniyatlaridan foydalanishlari” mumkinligini aytdi.

Kompaniya, shuningdek, ijodning kelajagi yanada interaktiv, intuitiv va vositalar o‘rtasida intellektual integratsiyalashgan bo‘lishiga ishonishini qo‘shimcha qildi.

Hozirda har ikkala ilovada kontent yaratish doimiy ma’lumot almashinuvini talab qiladi. G‘oya yaratish, ssenariy yozish yoki tasvir hosil qilish uchun Gemini’dan foydalaniladi, so‘ngra bevosita tahrirlash uchun CapCut ilovasiga o‘tiladi. Ushbu integratsiya ishga tushirilgach, ko‘p bosqichli jarayonga hojat qolmaydi.

Gemini xizmatini tark etmasdan g‘oyalarni ishlab chiqish, media yaratish va yakuniy natijani takomillashtirish mumkin.

Ta’kidlanishicha, ikkala vositadan allaqachon foydalanayotgan ijodkorlar uchun bu haqiqiy vaqt tejamkorligiga aylanadi.

Nashrning qayd etishicha, bu hamkorlikni ham butunlay kutilmagan deb bo‘lmaydi. Google Photos allaqachon foydalanuvchilarga yilning eng yaxshi lahzalarini tahrirlash uchun bevosita CapCut’ga eksport qilish imkonini beradi.

Shuningdek, CapCut veb-saytida Gemini’ga yo‘naltirilgan bir nechta qo‘llanma va andozalar mavjud bo‘lib, ular foydalanuvchilarga ssenariy va g‘oyalarni qayta ishlash uchun CapCut’ga o‘tkazishdan oldin Gemini’da yaratishga yordam beradi.


Avvalroq Google o‘zining Gemini ilovasida reklama ko‘rsatishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.