2−4-iyun kunlari Silk Road Samarkand ko‘rgazmalar majmuasida Global ekologik jamg‘armaning VIII Assambleyasi doirasida Eco Expo Central Asia 2026 xalqaro ekologik ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.

Ko‘rgazmaning asosiy yo‘nalishlaridan biri ekologik startaplar va “yashil” texnologiyalar sohasidagi loyihalar uchun maxsus pavilyonlar tashkil etish bo‘ladi. Tashkilotchilar O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlaridan bo‘lgan ekoinnovatorlar uchun qo‘shimcha 20 ta maydon ajratishni rejalashtirmoqda.

Ishtirokchilar o‘z ishlanmalari, ekologik mahsulotlari va barqaror rivojlanish sohasidagi yechimlarini xalqaro investorlar, donor tashkilotlar hamda yirik kompaniyalarga taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Ko‘rgazma dasturidan 68 dan ortiq mavzuli pavilyon, 50 dan ziyod panel muhokamalari, forumlar va ishbilarmonlik aloqalari uchun tadbirlar o‘rin olgan. Asosiy mavzular — “yashil” energetika, chiqindilarni qayta ishlash, suv resurslarini boshqarish va iqlim o‘zgarishiga moslashishdir.

Tadbirda 100 dan ortiq mamlakat vakillari, xalqaro tashkilotlar, investorlar, ekologik mahsulot ishlab chiqaruvchilari va soha mutaxassislari ishtirok etishi kutilmoqda.

Xalqaro kompaniyalar safida Vision Invest, SUEZ, KOMOTO, Bell Energy hamda Saudiya Arabistoni, Fransiya, Yaponiya, Finlandiya, Hindiston va BAAning boshqa vakillari bor. Shuningdek, ko‘rgazmada NKMK, OKMK, AKFA, Jizzax akkumulyator zavodi va “O‘zkimyosanoat” AJ ham ishtirok etadi.