20-sentyabr kuni Navoiyda IT sohasi mutaxassislari va bu sohaga yangi kirib kelayotganlar uchun bir kunlik tadbir — IT Community Roadshow bo‘lib o‘tadi.

Dasturdan sun’iy intellektning karyera qurish, startaplarni ishga tushirish va rivojlantirish, shuningdek, LinkedIn’da shaxsiy brendni targ‘ib qilishdagi roli haqidagi ma’ruzalar o‘rin olgan. Ishtirokchilar netvorking-sessiya davomida ekspertlarga savollar berishlari va IT-hamjamiyat vakillari bilan muloqot qilishlari mumkin bo‘ladi.

Spikerlar orasida IT Community of Uzbekistan rahbari Shavkat Karimov, IT Community Education dastur menejeri Amir Xotamiy, Uzum Market UX-tadqiqotchisi Maftuna Berkimbayeva, School 21, Huawei Uzbekistan, Women in Tech Uzbekistan vakillari va boshqa mutaxassislar bor.

Ishtirok etish bepul, zarafshonlik ishtirokchilar uchun, bo‘sh joylar mavjud bo‘lgan taqdirda, bepul transfer ko‘zda tutilgan.