3-iyundan 6-iyungacha Andijonda yosh dasturchilar, startapchilar va sun’iy intellekt sohasi mutaxassislari uchun Milliy AI Hackathon tanlovining hududiy bosqichi bo‘lib o‘tadi.

Xakaton davomida jamoalar sog‘liqni saqlash, ta’lim, tadbirkorlik va sud tizimi uchun yechimlar ishlab chiqish ustida ish olib boradi hamda o‘z loyihalarini ekspertlar hay’atiga taqdim etadi.

Ishtirokchilar mentorlar bilan ishlash, o‘zaro fikr almashish va loyihalarini yanada rivojlantirish uchun takomillashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Dastur Andijon viloyatida yashovchi, 16 yoshdan oshgan hamda pasport yoki ID-kartaga ega bo‘lgan ishtirokchilarga mo‘ljallangan.

G‘oliblar uchun quyidagi sovrinlar beriladi:

  • 1-o'rin — Apple MacBook Air
  • 2-o'rin — 20 mln so’m
  • 3-o'rin — 10 mln so’m

Eng yaxshi loyihalar dasturning keyingi bosqichlarida qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlanish va rivojlanish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.

Arizalar 31-maygacha qabul qilinadi. Oldindan ro‘yxatdan o‘tganlar uchun ishtirok bepul.