22-iyuldan Jaloliddin Manguberdi yuqori tezlikdagi elektropoyezdining ikkinchi tarkibi Toshkent-Xiva-Toshkent yo‘nalishida muntazam qatnovni boshlaydi. Bu haqda O‘zbekiston temir yo‘llari xabar berdi.
Poyezd Toshkentdan dushanba, chorshanba va juma kunlari, Xivadan esa seshanba, payshanba va shanba kunlari qatnaydi.
Jo‘nash vaqti Toshkent Markaziy vokzalidan soat 07:00, Xiva vokzalidan esa 07:15 etib belgilangan. Yo‘nalish bo‘yicha safar vaqti 7 soat 36 daqiqani tashkil etadi.
Birinchi Jaloliddin Manguberdi elektropoyezdi 5-maydan Toshkent-Xiva-Toshkent yo‘nalishida qatnovni boshlagandi.
Hyundai Rotem poyezdi
10-dekabr kuni Janubiy Koreyaning Changvon shahridagi Masan portidan O‘zbekistonga yuqori tezlikda harakatlanuvchi Hyundai Rotem poyezdlarining birinchi partiyasi jo‘natildi. Kompaniya 2027-yilgacha qolgan 35 ta vagonni (besh tarkibni) yetkazib berishni rejalashtirmoqda.
Temiryo‘lekspress matbuot kotibi Sanjar Abduxalilovning ma’lum qilishicha, birinchi poyezd 2026-yil boshida kelishi kutilmoqda. Keyin yuqori tezlikdagi poyezd uch oylik dinamik sinovlardan o‘tkaziladi. Birinchi tijorat reysi 2026-yilning ikkinchi choragiga (aprel-iyun) ko‘zda tutilgan.
Dekabr oyi oxirida mazkur tezyurar poyezdlar O‘zbekistonga multimodal yo‘l bilan yetkazilayotgani haqida xabar berilgandi. Toshkent-Xiva tezyurar poyezdi 2026-yil martidan keyin ishga tushirilishi aytilgandi. Joriy yilning fevralida tarmoqlarda Hyundai Rotem poyezdlari O‘zbekistonda texnik sinovdan o‘tkazilayotgani haqida xabarlar tarqalgandi.
Mart oyining o‘rtalarida Shavkat Mirziyoyev Samarqanddan Narpay tumaniga yangi Hyundai Rotem poyezdida keldi. Jaloliddin Manguberdi sharafiga nomlangan ushbu poyezd O‘zbekistonga olib kelinadigan oltita Hyundai Rotem tarkibining birinchisi bo‘ldi. Poyezd yetti vagondan iborat bo‘lib, soatiga 260 km tezlikka erisha oladi.
Yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlarni yetkazib berish mavzusi prezidentning 3-may kuni Janubiy Koreya bosh vaziri o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Ku Yun-Chxol bilan uchrashuvida ko‘tarilgan edi.
Koreya Eksimbanki huzuridagi Taraqqiyot uchun hamkorlik jamg‘armasining (EDCF) imtiyozli mablag‘lari hisobidan temir yo‘l transportini yetkazib berish masalalari muhokama qilindi.
Avvalroq Spot Chexiyaning Škoda Group kompaniyasi O‘zbekistonga 10 ta elektropoyezd yetkazib berishi haqida yozgandi.