Amerikaning Head Honchos kompaniyasi prezidenti Todd Miller avgust oyida H-2A mavsumiy qishloq xo‘jaligi vizalari dasturi doirasidagi hamkorlikni muhokama qilish uchun O‘zbekistonga keladi. Bu haqda Dunyo axborot agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, tashrif O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi tomonidan fuqarolarning Qo‘shma Shtatlarda qonuniy ishga joylashish imkoniyatlarini kengaytirish va H-2A viza dasturida ishtirok etishni osonlashtirish maqsadida tashkil etilmoqda.

Tomonlar O‘zbekiston fuqarolarini AQSH qishloq xo‘jaligi sohasidagi mavsumiy ishlarga jalb etish hamda Head Honchos bilan hamkorlik memorandumini imzolash masalasini muhokama qiladi.

Hujjat amerikalik ish beruvchilar talablariga mos kadrlar tayyorlash, nomzodlarni kasbga o‘qitish va H-2A vizasi asosida AQSHda qonuniy ish topish imkoniyatlarini kengaytirishni nazarda tutadi.

Tashrif dasturidan Toshkent shahri, Buxoro va Farg‘ona viloyatlariga safar ham o‘rin olgan. Kompaniya vakillari hududlarda qishloq xo‘jaligi korxonalari, fermer xo‘jaliklari va soha vakillari faoliyati bilan tanishadi.

Elchixonaga ko‘ra, H-2A dasturi bo‘yicha hamkorlik O‘zbekiston fuqarolarini AQSHda qonuniy va xavfsiz mavsumiy ish bilan ta’minlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan.

AQSHda ish

Yanvar oyida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Furqat Sidiqovga mamlakatni mavsumiy ishchilar jalb qilinadigan davlatlar ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishni topshirgan edi.

Mart oyida Migratsiya agentligi O‘zbekiston fuqarolarini AQSHga mavsumiy ishlarga yuborish bo‘yicha kelishuvga erishgandi. Dastur ishtirokchilari AQSH fermalari va rancholarida 9−10 oy davomida oyiga taxminan $3500 maosh bilan ishlashlari mumkin bo‘ladi.

Undan keyin O‘zbekiston AQSHdagi mavsumiy ishlar bo‘yicha dastlabki talabnomalarni oldi. Migratsiya agentligi fuqarolarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaatlari natija bermasligi, tanlov faqat rasmiy tartibda o‘tkazilishini bildirdi.

May oyida bir qator AQSH tashkilotlari bilan mehnat migratsiyasi bo‘yicha yangi kelishuvlarga erishildi. Tomonlar tibbiyot xodimlari, yuk mashinasi haydovchilari hamda mavsumiy ishchilarni tayyorlash va ishga joylashtirish bo‘yicha hamkorlik qiladi.

USA Farm Labor kompaniyasi rahbari Manuel Fik O‘zbekiston fuqarolarini AQSHdagi qishloq xo‘jaligi sohasidagi mavsumiy ishlarga jalb qilish bo‘yicha hamkorlik kengaytirilayotganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, H-2A dasturi o‘zbekistonliklarga xorijda qonuniy ishlash, daromad topish va mehnat huquqlari himoyalangan sharoitlarda faoliyat yuritish imkonini beradi. Amerikalik ish beruvchilar esa yosh, mehnatkash va malakali ishchilarga qiziqish bildirmoqda.

Yaqinda Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayev AQSH elchisi Jonatan Xenik bilan qonuniy mehnat migratsiyasi bo‘yicha hamkorlik masalalarini muhokama qilgan edi. Tomonlar viza jarayonlarini muvofiqlashtirish, ma’lumot almashish hamda ish beruvchilar bilan suhbatlarni tashkil etish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldi.

Avvalroq Spot AQSH 60 ta davlatga, jumladan Qozog‘istonga qarshi yangi bojlar joriy etgani haqida yozgan edi.