IT Park Uzbekistan 26−29-avgust kunlari Pekinda bo‘lib o‘tadigan HICOOL 2026 Global Entrepreneur Summit tadbirida ishtirok etish uchun startaplarning milliy delegatsiyasini shakllantirmoqda.
Saralab olingan kompaniyalar O‘zbekiston milliy stendida o‘z loyihalarini taqdim etish, ishbilarmonlik dasturi doirasida pitch bilan chiqish qilish, HICOOL 2026'ning ochilish va taqdirlash marosimida qatnashish hamda Pekin bo‘ylab uyushtiriladigan ekskursiya dasturida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Xitoy va Osiyo bozorlariga chiqishni maqsad qilgan IT Park rezident-startaplari ariza topshirishi mumkin. Sun’iy intellekt, robototexnika, dasturiy ta’minot, buyumlar interneti, mikrochiplar, kvant texnologiyalari, FinTech, BioTech, MedTech va AgriTech sohalaridagi loyihalarga ustunlik beriladi. Mahsulotning ingliz tilidagi talqini mavjudligi va uni namoyish etishga tayyorlik majburiy shartlar hisoblanadi.
Arizalar 10-avgustgacha qabul qilinadi. Parvoz va turar joy xarajatlarini ishtirokchilar o‘zlari qoplaydi. Ishtirok etish uchun oldindan havola orqali ro‘yxatdan o‘tish zarur.