Matcha choyi iqlim o‘zgarishi sabab murakkab davrni boshdan kechirmoqda. Bu haqda New Scientist xabar berdi.
Matcha kukuni olinadigan choy butasi haroratga juda sezgir. Uning yetilishi uchun eng qulay davr — martdan maygacha bo‘lgan bahor fasli. Kunduzi havo harorati 20−25 daraja atrofida bo‘lishi, kechasi esa ancha salqin bo‘lishi kerak. Aynan shu harorat farqi barglarda aminokislotalar hosil bo‘lishini kuchaytiradi va matchaga o‘ziga xos mayin ta’m beradi.
Biroq so‘nggi yuz yil ichida Yaponiyaning eng sifatli choyi yetishtiriladigan Kioto-Uji hududida bahorgi harorat qariyb 1 darajaga oshdi. Bu o‘simlik uchun jiddiy stress hisoblanadi.
Natijada choy butasi issiqdan himoyalanish uchun ko‘proq katexinlar ishlab chiqaradi. Katexinlar barglarga achchiq va taxir ta’m berib, matchaning o‘ziga xos yumshoqligini hamda bozor qiymatining bir qismini yo‘qotishiga sabab bo‘ladi.
Muammoning yechimi issiqqa chidamli yangi nav yaratishdek tuyuladi. Ammo choy butalarini seleksiya qilish juda uzoq jarayon. Mutaxassislar kerakli xususiyatlarga ega o‘simliklarni chatishtirib, ko‘chatlarning qanday sifatlarni meros olganini aniqlash uchun yillar davomida kutishga majbur.
Issiqqa chidamlilik ko‘plab genlar tomonidan boshqarilgani bois, qaysi ko‘chat muvaffaqiyatli bo‘lishini oldindan bilish deyarli imkonsiz. Avvallari bunday jarayon 15 yilgacha davom etardi.
Endilikda esa olimlarga genom tahlili yordam bermoqda. Ular buta voyaga yetishini kutmasdan, yosh ko‘chatlarning DNKsini tahlil qilib, issiqqa chidamlilikni ko‘rsatuvchi genetik belgilarni oldindan aniqlashmoqda.
Bu usul Yaponiyadagi seleksiya dasturlarida allaqachon qo‘llanilmoqda va istiqbolli choy navlarini tanlash jarayonini sezilarli darajada tezlashtirmoqda.