Avvalroq Qonunchilik palatasi yo‘l harakati qoidalariga rioya etmaganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilgani haqida xabar berilgandi.

Yalpi majlisda hujjatni deputatlarga IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i Murodbek Sherliyev taqdim etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qonun loyihasining asosiy maqsadi fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish, yo‘llarda inson hayotiga tahdid soladigan huquqbuzarliklarning oldini olish, shuningdek, yo‘l harakati ishtirokchilari uchun xavfsizroq muhit yaratishdan iboratdir.

“Axir, yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lganidan so‘ng javobgarlikni belgilash emas, balki uning oldini olish davlat va jamiyatning ustuvor vazifasi sanaladi”, — deya ta‘kidladi u.

Sherliyev 2025-yildagi YTHlar bo‘yicha ma‘lumotlarni keltirdi: O‘zbekistonda 27 mlnga yaqin yo‘l harakati qoidabuzarligi qayd etilgan bo‘lib, ularning 77%i qo‘pol qoidabuzarliklar hissasiga to‘g‘ri keladi. Yo‘l-transport hodisalari oqibatida 2188 kishi halok bo‘lgan, yana 8900 kishi turli darajadagi tan jarohatlari olgan. Jami 1832 ta o‘lim bilan yakunlangan va 7394 ta odamlar jarohatlangan hodisa ro‘yxatga olingan.

U qoidabuzarliklarning bir nechta toifasini alohida ta‘kidlab o‘tdi:

  • deyarli 2,5 ming holatda transport vositasini boshqarish 14 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlarga topshirilgan — oqibatda 101 kishi jarohat olgan, 44 kishi halok bo‘lgan;
  • 17,5 ming nafar haydovchining mast holda mashina boshqargani oqibatida 46 kishi tan jarohati olgan, 92 kishi vafot etgan;
  • tezlikni soatiga 40 km va undan ortiq oshirish bilan bog‘liq 156,3 mingta holat qayd etilgan bo‘lib, buning natijasida 606 kishi jarohatlangan, 1625 kishi halok bo‘lgan;
  • 2 mingdan ortiq holatda yo‘l chetida xavfli holatda qoldirilgan yuk avtomobillari tufayli 126 kishi jarohat olgan, 84 kishi halok bo‘lgan.

“Ushbu raqamlar amaldagi huquqiy taʼsir choralari yetarli samara bermayotgani hamda o‘z yechimini kutayotgan bir qator dolzarb masala mavjudligini yaqqol ko‘rsatmoqda”, — dedi YHXX rahbari.

deputatlar, qonun loyihasi, qonunchilik palatasi, yo'l harakati, yo'l harakati xavfsizligi, yth

Qonun loyihasidan nimalar taklif etilmoqda?

Boshqaruvni voyaga yetmaganlarga topshirish. Sherliyevning qayd etishicha, muntazam ravishda qo‘pol qoidabuzarliklar sodir etadigan haydovchilarga nisbatan amaldagi huquqiy ta‘sir choralari yetarli samara bermayapti.

U 2026-yil fevral oyida Toshkent shahrida 10-sinf o‘quvchisi boshqaruvidagi BMW avtomobili ishtirokida sodir bo‘lgan va YPX inspektorining o‘limiga sabab bo‘lgan avariyani misol qilib keltirdi.

Qonun loyihasi bilan transport vositasini boshqarishni voyaga yetmagan shaxsga topshirganlik uchun alohida ma‘muriy javobgarlik, og‘ir oqibatlar kelib chiqqan hollarda esa jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.

Bu qoidabuzarlik uchun transport vositasini 6 oydan 1 yilgacha vaqtincha olib qo‘yish, 20,6 mln so‘m miqdorida jarima solish yoki 15 sutkaga ma‘muriy qamoq jazosini joriy etish taklif qilinmoqda. Sherliyevning ta‘kidlashicha, ushbu normaning maqsadi jazoni kuchaytirish emas, balki transport vositasi egasining mas‘uliyatini oshirish, shuningdek, bolalar va boshqa harakat ishtirokchilarining hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilishdir.

Noqonuniy avtopoygalar. YHXX rahbarining ma‘lum qilishicha, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida, ayniqsa, aholi punktlarida noqonuniy poygalar uyushtirilmoqda. Bu esa odamlar hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirib, tungi vaqtda fuqarolarning osoyishtaligini buzmoqda. U 2026-yilda Surxondaryo viloyatida sodir bo‘lgan, oqibatda ikki kishi halok bo‘lib, yana bir necha kishi jarohatlangan poygani misol qilib keltirdi.

Qonun loyihasi bilan noqonuniy poygalarni tashkil etish va ularda qatnashganlik uchun alohida ma‘muriy javobgarlik joriy etilmoqda, shuningdek, “Yo‘l harakati to‘g‘risida"gi qonunda bunday poygalarda ishtirok etishga doir to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiq va ularni maxsus ajratilgan hududlarda tashkil etish bo‘yicha umumiy talablar mustahkamlanmoqda.

Sanksiya — 10,3 mlndan 61,8 mln so‘mgacha jarima, yoxud 15 sutkaga ma‘muriy qamoq jazosi, yoxud 2 yilgacha transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish.

“Bunda asosiy maqsad jazoni kuchaytirish emas, balki transport vositasi egasining masʼuliyatini oshirish, bolalar hamda boshqa harakat ishtirokchilarining hayoti va sog‘lig‘ini ishonchli himoya qilishdan iborat”, — deb qayd etdi Sherliyev.

Tezlikni oshirish. YHXX rahbarining so‘zlariga ko‘ra, yuqori tezlikda harakatlanish yo‘l-transport hodisalari va o‘lim holatlarining asosiy sabablaridan biri bo‘lib qolmoqda, biroq tezlikni soatiga 80 km va undan ortiq oshirganlik uchun amaldagi jazo choralari yetarlicha samarali va mutanosib emas. U misol tariqasida Toshkentda soatiga 310 km tezlikda harakatlangan motobloger bilan bog‘liq holatni keltirib o‘tdi.

Belgilangan tezlikni soatiga 80 km dan ko‘proq oshirganlik uchun haydovchilik guvohnomasidan 6 oyga mahrum qilish va 26,8 mln so‘m miqdorida jarima solish taklif etilmoqda. Shuningdek, qonun loyihasi bilan tegishli qonunlarga o‘zgartirishlar kiritib, tezlikni soatiga 40−80 km gacha oshirganlik uchun jarimalarni 10,3−18,5 mln so‘mgacha oshirish taklif qilinmoqda.

Sherliyev ushbu normaning maqsadi jarimalarni oshirish emas, balki inson hayoti uchun o‘ta yuqori xavf tug‘diradigan harakatlarning oldini olish ekanini ta‘kidladi.

Tunda yo‘l chetidagi yuk mashinalari. Tungi vaqtda yuk mashinalarini yo‘l chetida qoldirish yo‘l-transport hodisalari xavfini yuzaga keltiradi, deb qayd etdi Sherliyev. Qonun loyihasi bilan tungi vaqtda harakat ishtirokchilari uchun xavf tug‘diradigan sharoitlarda yuk mashinalarini to‘xtatganlik yoki qoldirganlik uchun 2 mln so‘m miqdorida jarima solish belgilanmoqda.

deputatlar, qonun loyihasi, qonunchilik palatasi, yo'l harakati, yo'l harakati xavfsizligi, yth

Ashaddiy qoidabuzarlar uchun jarima chegirmalarini bekor qilish. YHXX rahbari bir necha bor qo‘pol qoidabuzarliklarni — qarama-qarshi yo‘nalishga chiqish, qizil chiroqdan o‘tish, tezlikni oshirishni sodir etgan shaxslar uchun jarimalarni chegirma bilan to‘lash imkoniyati bunday qoidabuzarliklarning davom etishiga sharoit yaratayotganiga e‘tibor qaratdi.

Qonun loyihasida quyidagi qoidabuzarliklar sodir etilganda bir yil davomida jarimani to‘lashda chegirma qo‘llanilmasligi belgilanmoqda:

  • svetoforning taqiqlovchi signalidan o‘tish;
  • oynalari qoraytirilgan (tonirovkali) transport vositasidan foydalanish;
  • tovush chiqaruvchi va yorituvchi moslamalarni ruxsatsiz o‘rnatish;
  • qarama-qarshi harakatlanish bo‘lagida harakatlanish;
  • piyodalarga yo‘l bermaslik (oyiga ikki marta);
  • tezlikni soatiga 40−80 km ga oshirish (oyiga besh marta).

Sanksiyalarni qo‘shimcha kuchaytirish. Sherliyevning so‘zlariga ko‘ra, transport vositasini boshqarish huquqiga ega bo‘lmagan yoki bunday huquqdan mahrum etilgan shaxs tomonidan yo‘l bezoriligi sodir etilsa, transport vositasini musodara qilish yoki vaqtincha olib qo‘yish tarzida qo‘shimcha jazo joriy etilmoqda.

“Transportni musodara qilish chorasi qonun talablarini ochiqchasiga mensimaydigan, jazodan tegishli xulosa chiqarmaydigan shaxslarga taʼsirchan huquqiy taʼsir vositasi hisoblanadi”, — deb ta‘kidladi u. Shu bilan birga, qoidabuzar oilasining tirikchiligi uchun zarur bo‘lgan yagona transport vositasini musodara qilishga yo‘l qo‘yilmasligi tamoyili saqlanib qolinishiga ham aniqlik kiritdi.

Transport vositasini mast holda boshqarganlik yoki mastlik holatini tekshirishdan bo‘yin tovlaganlik uchun ham transport vositasini vaqtincha olib qo‘yish ko‘rinishidagi qo‘shimcha chora joriy etiladi.

Bundan tashqari, qonun loyihasi bilan Jinoyat kodeksining 266-moddasi bo‘yicha jinoiy javobgarlik yoshi 16 yoshdan 14 yoshga tushirilmoqda. Sherliyevning qayd etishicha, bu voyaga yetmaganlarda yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish madaniyatini barvaqt shakllantirishga va og‘ir oqibatlarga olib keladigan hodisalarning oldini olishga xizmat qilishi kerak.

Spot, avvalroq, Toshkentdagi ayrim “peshexod"larda yangi ogohlantirish tizimi ishga tushirilgani haqida yozgandi.