Qonunchilik palatasi deputatlari yo‘l harakati xavfsizligi tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Qonun loyihasi bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslar hamda “Yo‘l harakati to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilgan.

Xususan, Jinoyat kodeksiga voyaga yetmagan shaxsga transport vositasini boshqarishni topshirish oqibatida o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir tan jarohati yetkazilgan, odam o‘limi yoki boshqa og‘ir oqibatlar yuz bergan hollarda transport vositasini topshirgan shaxs uchun jinoiy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.

Shuningdek, voyaga yetmaganlarga transport vositasini boshqarishni topshirish, noqonuniy poyga tashkil etish va unda qatnashish, yuk avtomobillarini tungi vaqtda xavf tug‘diradigan holatda yo‘l chetida qoldirish hamda transport vositasini hisobdan chiqarish tartibini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish taklif etilmoqda.

Bundan tashqari, belgilangan tezlikni 80 km/soatdan ortiq oshirganlik uchun alohida javobgarlik joriy etilishi ko‘zda tutilgan.

Ma‘muriy jazoning yangi turi — avtomototransport vositasini 6 oydan 1 yilgacha muddatga vaqtincha olib qo‘yish joriy etilishi taklif qilinmoqda.

Mazkur jazo yo‘l bezoriligi, noqonuniy poyga tashkil etish, mast holda transport vositasini boshqarish yoki mastlikni aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlash holatlari transport vositasini boshqarish huquqiga ega bo‘lmagan yoki bu huquqdan mahrum etilgan shaxslar tomonidan sodir etilganda qo‘llanadi.

Ushbu chorani qonunda nazarda tutilgan hollarda tuman yoki shahar sudi qo‘llashi belgilangan.

Qonun loyihasida, shuningdek, mast holda transport vositasini boshqarish yoki tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlash uchun javobgarlikni takomillashtirish hamda ayrim qo‘pol qoidabuzarliklar takror sodir etilganda jarimani chegirma bilan to‘lash imkoniyatini ma‘lum muddatga bekor qilish ham nazarda tutilmoqda.

3-avgust kuni O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida ushbu qonun loyihasi muhokama qilingan edi.

Spot, avvalroq, jarima maydonchasidan avtomobilni olib chiqishga ruxsat QR-kod orqali berilishi haqida yozgandi.