O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi muhokama qilindi. Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar berdi.
Loyihaga ko‘ra, Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga “avtomototransport vositasini vaqtincha olib qo‘yish"nomli yangi jazo chorasi kiritilishi taklif etilmoqda.
Unga muvofiq, ayrim qo‘pol yo‘l harakati qoidabuzarliklarini sodir etgan shaxslarning transport vositalari sud qarori bilan 6 oydan 1 yilgacha muddatga vaqtincha olib qo‘yilib, jarima maydonchasiga joylashtirilishi mumkin.
Shuningdek, loyihada voyaga yetmagan shaxsga transport boshqarishni topshirish, noqonuniy poygalarda ishtirok etish, mast holda transport boshqarish hamda tezlikni belgilangan me‘yordan soatiga 80 kilometrdan ortiq oshirganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish nazarda tutilgan.
Xususan, tezlikni me‘yordan 80 km/soatdan ortiq oshirganlik uchun transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish va 26,8 mln so‘mgacha jarima qo‘llash taklif etilmoqda.
Voyaga yetmagan shaxsga transport boshqarishni topshirish og‘ir oqibatlarga olib kelgan hollarda esa jinoiy javobgarlik belgilanishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, yo‘l bezoriligi, mast holda transport boshqarish va noqonuniy poygalarni tashkil etganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish rejalashtirilmoqda.
Qonun loyihasiga ko‘ra, poygalarni faqat maxsus ajratilgan hududlarda va xavfsizlik talablariga rioya qilingan holda sport tadbiri sifatida o‘tkazishga ruxsat berilishi nazarda tutilgan.
Iyun oyida sobiq IIV YHXX boshlig‘i Sherzod Ibragimov yo‘llarda yo‘l-transport hodisalarini oldini olish maqsadida idoralararo ishchi guruh tomonidan yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqilib, davlat rahbariga taqdim etilganini aytgandi.
Ibragimov qo‘pol qoidabuzarliklar sodir etilganda, jarimalarni chegirma bilan to‘lash tartibi bir yil davomida qo‘llanilmasligi yuzasidan asoslantirilgan takliflar kiritilganini qayd etgan edi.
Spot, avvalroq, jarima maydonchasidan avtomobilni olib chiqishga ruxsat QR-kod orqali berilishi haqida yozgandi.