Yevropa Ittifoqida 2026-yil 2-avgustdan boshlab sun’iy intellekt shaffofligiga oid yangi qoidalar kuchga kirdi. Ular AI Act qonunining bir qismi hisoblanadi.
Yevrokomissiya ma’lum qilishicha, endilikda kompaniyalar foydalanuvchilarga ular sun’iy intellekt bilan muloqot qilayotganini ochiq bildirishi, SI yaratgan matn, rasm, audio va videolarni esa maxsus belgilashi shart. Talablar tizim qachon bozorga chiqarilganidan qat’i nazar, barcha tegishli SI tizimlariga tatbiq etiladi.
Yangi qoidalarga ko‘ra, chat-botlar foydalanuvchini u inson emas, balki sun’iy intellekt bilan muloqot qilayotgani haqida ogohlantirishi kerak.
SI yaratgan matn, rasm, audio va videolar mashina o‘qiy oladigan maxsus belgi bilan markalanadi va dipfeyklar ko‘rinadigan tarzda belgilanishi shart.
Shuningdek, tahririy nazoratsiz e’lon qilingan, ijtimoiy ahamiyatga ega SI matnlari alohida ko‘rsatiladi.
Bundan tashqari emotsiyalarni aniqlash yoki biometrik tasniflash tizimlari qo‘llansa, bu haqda foydalanuvchilar oldindan xabardor qilinishi lozim.
Qoidalar agar kompaniyalarning SI mahsulotlari yoki reklamalari Yevropa foydalanuvchilariga qaratilgan bo‘lsa, ularga ham tatbiq etiladi.
Shu bilan birga, shaxsiy maqsadlarda yaratilgan kontent hamda badiiy, satirik yoki fantastik asarlar ushbu talablardan ozod etilgan.
2-avgustgacha bozorga chiqqan vositalar uchun mashina o‘qiy oladigan markirovka bo‘yicha o‘tish davri 2026-yil dekabrigacha belgilangan. Shu sanagacha yaratilgan kontentni esa ortga qaytib belgilash talab qilinmaydi.
Shaffoflik talablarini buzgan kompaniyalarga 15 mln yevrogacha yoki yillik global aylanmasining 3 foizigacha (qaysi biri ko‘p bo‘lsa) jarima solinishi mumkin.
AI Act doirasidagi taqiqlangan amaliyotlardan foydalanganlik uchun esa jarima 35 mln yevro yoki yillik aylanmaning 7%igacha yetishi mumkin.
Qoidalarga rioya qilishni yengillashtirish maqsadida Yevrokomissiya SI kontentini markalash bo‘yicha ixtiyoriy amaliyot kodeksini ham e’lon qilgan.
Avvalroq sun’iy intellekt jahon moliya bozorlarida keskin qulashga sabab bo‘lishi mumkinligi haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, SIga $7 trln sarmoya kiritilishi kutilmoqda. Ammo u kutilgan samarani bermasa, jahon moliya bozorlari qulash xavfi ostida qoladi.