Energetika vazirligida gaz ta‘minoti va elektr energetikasi sohasidagi islohotlar bo‘yicha Ekspertlar ishchi guruhi tashkil etildi. Bu haqda vazirlik xabar berdi.

Ishchi guruh prezident topshiriqlari ijrosini ta‘minlash maqsadida tegishli vazirlik va idoralar vakillaridan shakllantirilgan.

Ekspertlar aholini suyultirilgan gaz bilan ta‘minlash tizimini isloh qilish hamda ushbu sohada bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi.

Shuningdek, elektr energiyasi tariflarida imtiyoz va chegirmalarni qo‘llash mexanizmlarini takomillashtirish, shuningdek, tadbirkorlar uchun tabiiy gaz iste‘moli bo‘yicha majburiy oldindan to‘lov tartibini yengillashtirish yuzasidan qonunchilik hujjatlari loyihalarini tayyorlash rejalashtirilgan.

Qayd etilishicha, ishchi guruh o‘z faoliyatida aholi va tadbirkorlardan kelib tushayotgan murojaatlar hamda takliflarni ham inobatga oladi.

Shu munosabat bilan Energetika vazirligi fuqarolar va tadbirkorlarni mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha taklif va mulohazalarini vazirlikning maxsus Telegram muloqot platformasi orqali #taklif xeshtegi bilan yuborishga chaqirdi.

Spot, avvalroq, gaz yetib bormagan hududlar uchun elektrga chegirma berilishi haqida yozgandi.