Toshkentning Chilonzor tumani, Do‘mbirobod dahasida qurilayotgan ko‘p qavatli turar joy obyektida loyiha talablari buzilgani aniqlandi. Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi xabar berdi.
O‘rganish davomida binoning tashqi devorlarida gazobloklarni terish ishlari loyiha talablariga muvofiq bajarilmagani, shuningdek, 6-qavatdagi armokarkas ishlarida ham me‘yorlarga rioya etilmagani aniqlangan.
Obyektda texnika xavfsizligi qoidalariga to‘liq amal qilinmagan, ishchilar uchun zarur xavfsizlik sharoitlari yaratilmagan hamda qurilish madaniyati talablariga rioya etilmagan.
Qurilish maydoni chiqindilardan tozalanmagani va chang ko‘tarilishining oldini olish bo‘yicha yetarli choralar ko‘rilmagani ham aniqlangan.
Qoidabuzarliklar yuzasidan loyiha talablariga zid bajarilgan qurilish qismlarini demontaj qilish ishlari boshlandi.
Shuningdek, kamchiliklar to‘liq bartaraf etilgunga qadar qurilish-montaj ishlari vaqtincha to‘xtatildi.
Spot, avvalroq, New Port turar joy majmuasi qurilishi va uy buzilishi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida yozgandi.
