O‘zbekistonda joriy yil boshidan buyon ko‘mir, neft, tabiiy gaz va gaz kondensati qazib olish hajmi kamaygan. Bu haqda Spot o‘rgangan Milliy statistika qo‘mitasi ma‘lumotlarida keltirilgan.

2026-yil yanvar-iyun oylarida 614,2 ming tonna avtomobil benzini ishlab chiqarildi. Bu 2025-yilning mos davriga (579,7 ming tonna) nisbatan 6% ko‘p. Shunga qaramay, benzin ishlab chiqarish hajmi 2024-yildagi 675,9 ming tonnaga nisbatan 9,1% pastligicha qolmoqda.

Uglevodorod qazib olish hajmi izchil qisqarishda davom etmoqda. Yilning dastlabki olti oyida 18,3 mlrd kub metr tabiiy gaz (-16,4%), 313,8 ming tonna neft (-3,1%) va 462,1 ming tonna gaz kondensati (-19,7%) qazib olindi.

2024-yilning yanvar-iyun oylariga nisbatan pasayish yanada sezilarli bo‘ldi: tabiiy gaz qazib olish 18,7% ga, neft 13,9% ga, gaz kondensati esa 26,1% ga kamaydi.

Shu bilan birga, portlandsement va dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarishda ijobiy o‘sish sur’ati saqlanib qoldi. Yanvar-iyun oylarida portlandsement ishlab chiqarish 10,1 mln tonnaga yetib, 2025-yilga nisbatan 2%, 2024-yilga nisbatan esa 31,2% ga oshdi. Dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarish 568 ming tonnani tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 2,1%, 2024-yilga nisbatan esa 12,5% ga ko‘paydi.

Yanvar-iyun yakunlariga ko‘ra, ko‘mir qazib olish 2,5 mln tonnagacha kamaydi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16,7%, 2024-yilga nisbatan esa 3,8% kam.

Hisobot davrida mamlakatda elektr energiyasi ishlab chiqarish 5,7% ga oshib, 44,14 mlrd kVt·soatga yetdi. O‘sish asosan kichik tadbirkorlik subyektlari hisobiga ta’minlanib, ular ishlab chiqarishni 36,7% ga oshirib, 14,31 mlrd kVt·soatga yetkazdi. Yirik korxonalar esa elektr energiyasi ishlab chiqarishni 4,6% ga qisqartirib, 29,83 mlrd kVt·soat ishlab chiqardi.

Ayni paytda yirik korxonalar tomonidan issiqlik energiyasi ishlab chiqarish 18,1% ga kamayib, 9,28 mln Gkalni tashkil etdi.


Avvalroq Spot O‘zbekiston Iroq va Gruziyadan aviakerosin import qilishni boshlagani haqida yozgandi.