3-avgust kuni prezident muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan hamda odam savdosidan jabrlangan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishgandi.

Yig‘ilishda odam savdosidan jabrlangan shaxslarni aniqlash va reabilitatsiya qilish mexanizmlarini kuchaytirish masalalari ham muhokama qilindi.

2026-yil 1-sentabrdan Inson ijtimoiy xizmatlar markazlari orqali mahalla va tuman darajasida odam savdosidan jabrlangan shaxslarning holatini baholash va tegishli xizmatlarga yo‘naltirish tizimi joriy etiladi.

Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi hamda uning hududiy markazlari Ayollar va bolalarni reabilitatsiya qilish respublika markazi va hududiy markazlari etib qayta nomlanadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlaridagi hududiy markazlarda odam savdosidan jabrlangan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlarini qabul qilish hamda ularga xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilib, qo‘shimcha 40 ta o‘rin yaratiladi.

Shu bilan birga, bola savdosi uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilash, odam savdosi bilan bog‘liq jinoyat sodir etgan shaxslarning mehnat va tashqi migratsiya xizmatlari bilan shug‘ullanish huquqini cheklash, ko‘rsatilayotgan xizmatlarni muntazam monitoring qilish taklif etildi.

Imtiyozli transport xizmatlaridan foydalanish tartibini soddalashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Bugungi kunda 1941−1945-yillardagi urush nogironlari va qatnashchilari, ularga tenglashtirilgan shaxslar, shuningdek, Chernobil AESdagi halokat oqibatlarini bartaraf etishda qatnashgan 48,4 mingdan ziyod fuqaro bunday imtiyozlardan foydalanish huquqiga ega. 2025-yilda ular transport xizmatlaridan 1,7 mln marta foydalangan.

Yangi tartibga ko‘ra, 11 toifadagi fuqarolarga havo, temir yo‘l va shaharlararo transportda bepul yurish yoki 50% lik chegirma beriladi.

Qog‘oz talonlar bekor qilinib, chipta xarid qilish uchun ID-karta yoki biometrik pasportni taqdim etish kifoya qiladi. Imtiyoz huquqi Yagona milliy ijtimoiy himoya axborot tizimi orqali tekshiriladi.

2027-yil 1-yanvardan imtiyozli avia, temir yo‘l va shaharlararo avtobus chiptalarini Baraka ijtimoiy karta mobil ilovasi orqali onlayn xarid qilish imkoniyati yaratiladi.

Davlat rahbari taqdim etilgan takliflarni maʼqullab, yangi xizmatlarni joylarda sifatli yo‘lga qo‘yish va belgilangan chora-tadbirlar ijrosini qatʼiy nazorat qilish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Spot, avvalroq, 1-sentabrdan avtobuslarda yo‘lkira faqat unga chiqishda to‘lanishi haqida yozgandi.