Qirg‘iziston O‘zbekiston bilan oyiga 20 ming tonnagacha yoqilg‘i yetkazib berish bo‘yicha muzokara olib bormoqda. Bu haqda Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi va Prezident administratsiyasi rahbari Adilbek Qosimaliyev Kabar agentligiga bergan podkast intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat yoqilg‘ining 90% dan ortig‘ini import qiladi. Yaqin Sharqdagi geosiyosiy vaziyat sabab yoqilg‘i narxi keskin oshgan, Rossiyadan yetkazib berish imkoniyatlari esa avvalgidek emas.
Shu bois Qirg‘iziston Rossiya, Belarus, Xitoy, Ozarbayjon, O‘zbekiston, shuningdek, Yevropa davlatlari va Turkiya bilan muzokaralar olib bormoqda.
Adilbek Qosimaliyevning aytishicha, Belarus allaqachon yoqilg‘i yetkazib berishda yordam ko‘rsatmoqda, Xitoydan esa neft mahsulotlari ortilgan dastlabki beshta avtomobil yetib kelgan.
Uning ta’kidlashicha, Qirg‘iziston kelgusida Xitoydan yoqilg‘ini temir yo‘l orqali yetkazishni yo‘lga qo‘ymoqchi va bu boradagi muzokaralar davom etmoqda. Shuningdek, Ozarbayjon bilan ham muzokaralar olib borilmoqda.
“Biz O‘zbekiston bosh vaziri [Abdulla Aripov] bilan ham muzokaralar o‘tkazdik. Ularda oyiga 20 ming tonnagacha yoqilg‘i yetkazib berish imkoniyati bor”, — dedi Qirg‘iziston hukumati rahbari.

Аdilbek Qosimaliyev. Foto: Kabar
Bundan tashqari, Qirg‘iziston yoqilg‘ini Yevropa davlatlari va Turkiyadan ham import qilmoqda. Biroq tranzitdagi cheklovlar yetkazib berishni murakkablashtirmoqda. Qosimaliyevning so‘zlariga ko‘ra, jahon bozorida neft mahsulotlari narxining oshishi transport xarajatlarining ham ko‘payishiga olib kelmoqda.
Uning aytishicha, narxlarning keskin oshib ketishini oldini olish maqsadida hukumat dizel yoqilg‘isi, avtomobil gazi va AI-92 markali benzinni subsidiyalashni davom ettirmoqda. Shu bilan birga, u mamlakatda yoqilg‘i narxlari bosqichma-bosqich oshirilishini ma’lum qildi.
Qosimaliyevning ta’kidlashicha, hozir Qirg‘izistonda dizel yoqilg‘isi va AI-92 benzini O‘zbekiston hamda Tojikistondagiga nisbatan 20−25 som arzon. Ushbu narxlar farqi esa respublika byudjeti hisobidan qoplanmoqda.
Avvalroq Spot O‘zbekiston qish uchun 120 ming tonna avtobenzin zaxirasini yaratishi haqida yozgandi.
Shuningdek, mavsum davomida issiqlik elektr stansiyalariga 4,16 mln tonna ko‘mir yetkazib berilishi prognoz qilinmoqda.