Bayram kunlarida O‘zbekiston bo‘ylab sayohatlar uchun temir yo‘l, avtomobil va havo transportida qo‘shimcha qatnovlar tashkil etiladi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi xabar berdi.
Quyidagi yo‘nalishdagi poyezdlar tarkibiga to‘rttagacha qo‘shimcha vagon ulanadi:
- Toshkent−Xiva−Toshkent;
- Toshkent−Qo‘ng‘irot−Toshkent;
- Toshkent−Shovot−Toshkent;
- Toshkent−Termiz−Toshkent;
- Toshkent−Sariosiyo−Toshkent.
Shuningdek, Toshkentdan Samarqand, Buxoro va Urganchga hamda orqaga harakatlanuvchi yuqori tezlikdagi elektropoyezdlarning qo‘shimcha qatnovlari yo‘lga qo‘yiladi.
Ular bayramdan ikki kun oldin boshlanib, bayramdan keyingi ikki kun davomida amalga oshiriladi.
Viloyatlararo barcha yo‘nalishlarda qo‘shimcha avtobus qatnovlari ham tashkil etiladi.
Toshkent-Janubiy temir yo‘l vokzali hududida ular uchun zaxira to‘xtash joyi ajratilib, bayramdan kamida uch kun oldin Toshkent−Samarqand−Buxoro−Urganch−Nukus yo‘nalishidagi avtobuslar shu yerga joylashtiriladi.
Bundan tashqari, bayramdan kamida ikki kun oldin Toshkent−Urganch, Toshkent−Nukus, Toshkent−Buxoro va Toshkent−Termiz yo‘nalishlarida qo‘shimcha aviareyslar amalga oshiriladi.
O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘zbekistonliklar ish haftasining turiga qarab ketma-ket uch yoki to‘rt kun dam oladi. Bayram kunlarida dam olish tartibi quyidagicha:
- 29-avgust, shanba — besh kunlik ish haftasida dam olish, olti kunlikda ish kuni;
- 30-avgust, yakshanba — barcha uchun dam olish kuni;
- 31-avgust, dushanba — barcha uchun qo‘shimcha dam olish kuni;
- 1-sentabr, seshanba — Mustaqillik kuni, ishlanmaydigan bayram kuni.
Spot, avvalroq, Bo‘stonliqdagi turistik maskanlarga qo‘shimcha transport qatnovlari yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgandi.