25−27-sentyabr kunlari MDIST’da Techstars Startup Weekend Tashkent bo‘lib o‘tadi. Ideaton Techstars Uzbekistan tomonidan UzVC milliy venchur fondi va Hackonnect operatorining strategik ko‘magida tashkil etilmoqda.

100 ga yaqin ishtirokchi jamoalarga birlashib, MVP ishlab chiqish, gipotezalarni tekshirish va biznes-modellarni takomillashtirish bilan shug‘ullanadi. Ularga startap, biznes, sun’iy intellekt, IT va marketing sohalaridagi 12 nafardan ortiq mentor yordam beradi. Mukofot jamg‘armasi 30 mln so‘mni tashkil etadi.

Birinchi kuni g‘oyalar taqdimoti o‘tkazilib, jamoalar shakllantiriladi, ikkinchi kun esa loyihalarni ishlab chiqish va validatsiya qilishga bag‘ishlanadi. 27-sentyabr kuni Demo Day bo‘lib o‘tadi va unda jamoalar o‘z natijalarini hakamlar hay’ati hamda investorlarga taqdim etadi.

Ishtirok etish uchun oldindan ro‘yxatdan o‘tish zarur.