19-sentyabr kuni Buxoroda IT sohasi mutaxassislari va sohaga endi kirib kelayotganlar uchun bir kunlik tadbir — IT Community Roadshow bo‘lib o‘tadi.

Dasturdan sun’iy intellektning karyera qurish, startaplarni ishga tushirish va rivojlantirish, shuningdek, LinkedIn’da shaxsiy brendni targ‘ib qilishdagi roli haqidagi ma’ruzalar o‘rin olgan. Ishtirokchilar netvorking-sessiya davomida ekspertlarga savol berishlari va IT-hamjamiyat vakillari bilan muloqot qilishlari mumkin bo‘ladi.

Ma’ruzachilar orasida IT Community of Uzbekistan rahbari Shavkat Karimov, IT Community Education dasturiy menejeri Amir Xotamiy, Uzum Market UX-tadqiqotchisi Maftuna Berkimbayeva, AK Capital asoschisi va bosh direktori Azizbek Qurbonov, shuningdek, School 21, Huawei Uzbekistan va Women in Tech Uzbekistan vakillari bor.

Ishtirok etish bepul. Kogonlik ishtirokchilar uchun bo‘sh joylar mavjud bo‘lgan taqdirda bepul transfer taqdim etiladi.