Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Turkiyaga tashrifi doirasida Baykar kompaniyasi majmuasida bo‘ldi. Bu haqda u Telegram kanalida ma’lum qildi.

Baykar kompaniyasida u yuqori texnologiyalar, xususan, mudofaa sanoatidagi loyihalar bilan tanishdi. Mirziyoyevaning ta’kidlashicha, mamlakatning ushbu sohadagi tajribasi O‘zbekiston uchun muhim ahamiyatga ega.

“Bunday yutuqlar zamirida ko‘p yillik ilmiy izlanishlar, iqtidorli muhandislarning mehnati hamda milliy texnologiyalarni rivojlantirishga kiritilgan investitsiyalar turibdi. Turkiyaning bu boradagi tajribasi O‘zbekiston uchun ham muhim amaliy ahamiyatga ega”, — deb yozdi u.

U ikki mamlakat mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashish va texnologik loyihalarni birgalikda amalga oshirish imkoniyatlari mavjudligini qayd etdi.

Bundan avvalroq Saida Mirziyoyeva Istanbulda Najmiddin Bilol Erdog‘an bilan birgalikda Ibn Xaldun universiteti va Yenidog‘u maktabiga tashrif buyurgan edi. U ta’lim muassasalarida o‘qitish uslublari, yoshlar iqtidorini rivojlantirish va mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan yondashuvlar bilan tanishdi.

Tashrif davomida ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, tajriba almashish hamda maktab o‘quvchilari, talabalar va pedagoglar uchun yangi imkoniyatlar yaratish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

“Ta'lim sohasi — O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarning muhim qirralaridan biridir. Mazkur yo‘nalishdagi hamkorligimiz yoshlarning o‘qib-o‘rganishi, dunyoqarashi o‘sishi hamda bir-birini yanada yaqindan tanishiga xizmat qiladi”, — dedi Prezident Administratsiyasi rahbari.

Avvalroq Spot Saida Mirziyoyeva Donald Tramp bilan uchrashgani haqida yozgan edi.