Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva AQSH prezidenti Donald Tramp bilan uchrashdi.

“AQSH prezidenti Donald Tramp bilan uchrashish va unga O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning eng ezgu tilaklarini yetkazish men uchun katta sharaf”, — deb yozdi u Telegram kanalida.

Avvalroq Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Google vitse-prezidenti Karan Bhatiya bilan uchrashgandi.

Saida Mirziyoyevaning ma’lum qilishicha, uchrashuvda O‘zbekistonda YouTube monetizatsiyasini ishga tushirish masalasi muhokama qilingan.

Uning qayd etishicha, so‘nggi yillarda mamlakatda shaxsga doir ma’lumotlarni qayta ishlash va raqamli to‘lovlar sohasidagi qonunchilik takomillashtirilgan.

25-sentabrda Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda BlackRock kompaniyasi rahbariyati bilan ko‘rishdi.

Uchrashuvda BlackRock prezidenti Robert Kapito, vitse-rais Tomas Donilon, Global Infrastructure Partners raisi va bosh ijrochi direktori Adebayo Ogunlesi, shuningdek, kompaniyaning global moliyaviy va strategik investorlar guruhi rahbari hamda Yaqin Sharq mintaqasi rahbari Charlz Xatami ishtirok etdi.

Shuningdek, AQSH davlat kotibi Marko Rubio oktabr oyi o‘rtalarida O‘zbekistonga tashrif buyurishi haqida xabar berilgandi.

Rubio Samarqandga keladigan 100 dan ortiq Amerika kompaniyalari vakillaridan iborat biznes delegatsiyasiga boshchilik qiladi.

Tashrif davomida u O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari ishtirokidagi C5+1 formatidagi uchrashuvda qatnashadi.


Avvalroq Spot Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Jahon savdo tashkiloti (JST) bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan uchrashgani haqida yozgandi.