Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Jahon savdo tashkiloti (JST) bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan uchrashdi. Bu haqda u o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.

Uchrashuvda O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonining borishi va oldinda turgan yakuniy vazifalar muhokama qilindi.

Saida Mirziyoyeva O‘zbekiston bu yo‘lning katta qismini bosib o‘tganini ta’kidlab, jarayonni yakuniga yetkazish muhimligini qayd etdi.

“Bu yo‘lning katta qismini bosib o‘tdik, bundan keyin shahdimizni susaytirmasdan, boshlangan ishni nihoyasiga yetkazishimiz juda muhim”, — dedi u.

Prezident Administratsiyasi rahbari JST bosh direktoriga O‘zbekistonning a’zolik jarayonini doimiy qo‘llab-quvvatlayotgani va ekspertlik ko‘magi uchun minnatdorlik bildirdi.

2025-yilning dekabr oyida prezidentning JST bo‘yicha vakili Azizbek Urunov O‘zbekiston tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlayotganiga qaramay, jarayon cho‘zilayotganini bildirgandi. U jarayonni kechiktirmaslikka chaqirib, barcha masalalarni muhokama qilishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Joriy yilning iyul oyida Urunov mamlakatning tashkilotga qo‘shilishi bo‘yicha Ishchi guruhining 13-yig‘ilishida O‘zbekiston 2026-yilda jarayonni yakunlashni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Muzokaralarda sezilarli yutuqlarga erishilgan va jarayon yakuniy bosqichga o‘tmoqda.

Hozirga qadar 34 ta ikki tomonlama bayonnomadan 31 tasi JST kotibiyatiga topshirilgan. Shu bilan birga, ayrim qonun hujjatlarini qabul qilish kutilganidan sekinroq kechayotgani qayd etildi.

Avvalroq Spot BlackRock TXMM konsepsiyasi va tuzilmasini ishlab chiqishga ko‘maklashayotgani haqida yozgan edi.