Toshkent — Andijon — Toshkent yo‘nalishida ikkinchi tezyurar elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston temir yo‘llari sho‘ba korxonasi O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi xabar berdi.

21-oktabrdan boshlab poytaxtdan jo‘naydigan 732/731-sonli poyezd CRRC Dalian elektropoyezdi bilan almashtiriladi. U beshta ekonom toifadagi vagondan iborat bo‘lib, 415 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan.

Qatnovlar amaldagi harakatlanish kunlarida quyidagi jadval asosida amalga oshiriladi:

  • Toshkentdan jo‘nash — 18:40, Andijonga yetib borish — 23:12;
  • Andijondan jo‘nash — 07:20, Toshkentga yetib kelish — 12:12.

CRRC Dalian elektropoyezdiga texnik xizmat ko‘rsatish maqsadida 26-oktabrdan boshlab har dushanba kuni 730/729-sonli Toshkent — Andijon yo‘nalishidagi qatnovlar bekor qilinadi.

Boshqa yo‘lovchi poyezdlarining harakat jadvali ham o‘zgaradi. 21-oktabrdan quyidagi qatnovlarga yangi jadval joriy etiladi:

  • Andijon — Xiva/Urganch — Andijon (125/126-sonli);
  • Andijon — Termiz — Andijon (129/130-sonli);
  • Andijon — Qo‘ng‘irot — Andijon (127/128-sonli);
  • Qo‘qon — Andijon — Qo‘qon elektr poyezdi (6312-sonli);
  • Qo‘qon — Namangan — Andijon — Qo‘qon elektr poyezdi (7091-sonli);
  • Qo‘qon — Namangan elektr poyezdlari (7093/7094-sonli).

Keyingi kunlarda Toshkent va Andijon o‘rtasidagi boshqa poyezdlar jadvali ham yangilanadi. 22-oktabrdan 97/95-sonli, 24-oktabrdan 93 va 98/94-sonli, 25-oktabrdan 734 va 92-sonli, 26-oktabrdan 733-sonli hamda 27-oktabrdan 91-sonli poyezdlar yangi jadval asosida harakatlanadi.

Andijonga birinchi tezyurar poyezd 10-sentabrdan qatnay boshlagan edi. Uning yo‘lga qo‘yilishi natijasida safar vaqti 1,5 baravarga qisqarib, 4 soat 15 daqiqani tashkil etgan.

Avvalroq Spot 2027-yilning mart oyidan Toshkent-Nukus tezyurar poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgan edi.