19-oktabr kuni Ta’lim va ilm-fan vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarori (PQ-380-son) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.

Hujjat bilan vazirlik ta’lim, ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasidagi vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organi etib belgilandi.

Vazirlikda autsorsing asosida quyidagi faoliyat yo‘lga qo‘yiladi:

  • aholi murojaatlari, shikoyatlari, takliflari va e’tirozlarini qabul qilish, tezkor ko‘rib chiqish hamda tegishli tashkilotlarga yo‘naltirish uchun Call-markaz;
  • aholi hamda ta’lim va ilm-fan tizimi xodimlari bilan tizimli muloqotni ta’minlash, ta’lim xizmatlari sifati, ommabopligi va mavjud muammolar yuzasidan tezkor axborot olish hamda tahlil qilish maqsadida qayta aloqa tizimi.

Vazirlik huzurida ta’lim oluvchilar, talabalar, ota-onalar, pedagoglar va ish beruvchilardan iborat Ta’lim bo‘yicha jamoatchilik kengashi tashkil etiladi. Shuningdek, vazirlik hay’ati 15 nafar a’zodan iborat tarkibda tuzilib, unga vazir, o‘rinbosarlar, agentlik direktorlari hamda yetakchi OTM rektorlari va olimlar kiradi.

Vazirga istisno tariqasida, vazirlikning markaziy apparatiga 2027-yilning 1-fevraliga qadar xodimlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri suhbat asosida ishga qabul qilish vakolati berildi.

Bundan tashqari, vazirlik huzurida Inson kapitalini rivojlantirish jamg‘armasi, Ta’lim va ilm-fan bo‘yicha strategik tadqiqotlar va baholash markazi hamda Bilim va malakalarni baholash agentligi tashkil qilinadi.

Prezident Administratsiyasi huzurida esa Inson kapitalini rivojlantirish va uzluksiz ta’lim strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha maxsus ishchi guruh tuziladi. Unga tadbirkor Zafar Hoshimov jamoatchilik asosida rahbarlik qiladi.

Shu bilan birga, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ta’limni rivojlantirish markazi faoliyati tugatilmoqda.

Oktabr oyi boshida prezident farmoni bilan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi negizida yagona Taʼlim va ilm-fan vazirligi tashkil etilgandi. Yangi vazirlik maktabgacha taʼlimdan oliy taʼlimgacha bo‘lgan barcha bosqichlar hamda ilm-fan sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi.

9-oktabr kuni prezident farmoni bilan Erkinjon Turdimov bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — ta’lim va ilm-fan vaziri lavozimiga tayinlandi. Shu munosabat bilan u Sirdaryo viloyati hokimi lavozimidan ozod etildi. U bu lavozimda 2025-yildan buyon faoliyat olib borayotgan edi.

Tegishli farmon bilan Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasida bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — ta’lim va ilm-fan vaziri lavozimi kiritildi. Shuningdek, Ta’lim, ilm-fan va sog‘liqni saqlash masalalari kotibiyati tashkil qilindi.

Ushbu yo‘nalishlar ijrosini nazorat qilish va tashkil etish Prezident Administratsiyasi Rahbari Saida Mirziyoyeva zimmasiga yuklandi.

Yangi Toshkent qurilishini jadallashtirish masalalari yuzasidan investor va tadbirkorlar bilan uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev Erkinjon Turdimov haqida o‘z fikrini bildirdi.