Vazirlar Mahkamasining “Davlat-xususiy sheriklik asosida markazlashtirilgan klinika-diagnostika laboratoriyasi tashkil etish to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

Belgilab qo‘yilishicha, Toshkent shahri va Toshkent viloyatining tibbiyot tashkilotlari markazlashtirilgan klinika-diagnostika laboratoriyasi xizmatlari bilan qamrab olinadi.

Markazlashtirilgan klinika-diagnostika laboratoriyasi xizmatlari respublikaning boshqa hududlarida ham ommalashtirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda uzoq muddatda (15 yilgacha) egalik qilish va foydalanish maqsadida konsessionerga berish uchun ob’ektlarni bir oy muddatda, belgilangan tartibda tanlab olishni ta’minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi hamda konsessioner bilan birgalikda quyidagilarni bir oy muddatda ishlab chiqadi va konsession shartnoma loyihasiga kiritadi:

  • laboratoriya tadqiqotlarini bosqichma-bosqich markazlashtirishda qatnashuvchi tibbiyot tashkilotlari ro‘yxati;
  • tibbiyot tashkilotlarini markazlashtirilgan klinika-diagnostika laboratoriyasi xizmatlari bilan qamrab olish har bir bosqichining aniq muddatlari;
  • sog‘liqni saqlash sohasiga ajratiladigan byudjet mablag‘lari va har bir tadqiqot turi bo‘yicha bepul tibbiy yordamning kafolatlangan hajmi doirasida laboratoriya diagnostikasi bo‘yicha tibbiy yordam ko‘rsatish hajmlari;
  • konsessioner xizmatining eng yuqori qiymatini aniqlash maqsadida har bir tadqiqot turi bo‘yicha laboratoriya diagnostikasi xizmatining eng yuqori qiymati;
  • tashkil etilayotgan markazlashtirilgan klinika-diagnostika laboratoriyasiga, shuningdek, laboratoriya jihozlari spetsifikatsiyasiga qo‘yiladigan texnik talablar.