Toshkent viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan majburiy texnik ko‘rikka taqdim etilmagan transport vositalarini aniqlash maqsadida tadbirlar o‘tkazilmoqda, deb yozadi O‘zA.
Viloyat YHXB xabariga ko‘ra, tadbirlar davomida 100 dan ortiq transport vositalari aholi xonadonlarida ehtiyot qismlar yetishmasligi sababli yoki foydalanish uchun umuman yaroqsiz holda saqlanayotgani aniqlanib, mulk egalariga bu turdagi transport vositalarini belgilangan tartibda Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (DYHXX) ro‘yxatidan o‘chirish lozimligi tushuntirilib, tegishli taklif va tavsiyalar berilmoqda.
Xabarda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 31 yanvardagi “Transport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida"gi qaroriga muvofiq transport vositalari quyidagi davriylikka muvofiq majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi belgilangan:
- tijorat asosida yo‘lovchilar tashish uchun foydalaniladigan yengil avtomobillar, avtobuslar, trolleybuslar, tramvaylar va o‘tiriladigan joylar soni 8 ta va undan ortiq bo‘lgan (haydovchining o‘rnidan tashqari), odamlarni muntazam tashish uchun jihozlangan yuk avtomobillari, yirik gabaritli, og‘ir vaznli va xavfli yuklarni tashish uchun maxsus transport vositalari va ularga tirkamalar — bir yilda ikki marta;
- ishlab chiqarilganiga besh yildan ko‘p bo‘lmagan (ishlab chiqarilgan yili ham shu jumlaga kiradi) transport vositalari (mazkur bandning “a” kichik bandida ko‘rsatilgan transport vositalaridan tashqari) — ikki yilda bir marta;
- ishlab chiqarilgan yilini hisobga olgan holda ishlab chiqarilganligiga besh yildan ortiq bo‘lgan transport vositalari, shuningdek, ishlab chiqarilgan vaqti aniqlanmagan transport vositalari (mazkur bandning “a” kichik bandida ko‘rsatilgan transport vositalaridan tashqari) — bir yilda bir marta;
- tirkamalar ko‘rikka transport vositasi-shatakchisi uchun belgilangan muddatlarda taqdim etiladi.
DYHXX organlarida ro‘yxatdan o‘tkazilgan kundan boshlab, ulardan foydalanishning birinchi yili mobaynida transport vositalari texnik ko‘rikdan o‘tkazilmaydi (mazkur bandning “a” kichik bandida ko‘rsatilgan transport vositalaridan tashqari).
Kichik bandida ko‘rsatilgan transport vositalarining texnik ko‘rigi:
- birinchi marta — 1 mart — 30 iyunda;
- ikkinchi marta — 1 sentyabr — 31 oktyabrda o‘tkaziladi.
Yuridik shaxslarga qarashli bo‘lgan transport vositalarining texnik ko‘rigi 1 mart — 30 iyunda o‘tkaziladi.
Jismoniy shaxslarga qarashli transport vositalarining texnik ko‘rigi 1 yanvar — 31 avgustda o‘tkaziladi.