Boshqaruv kadrlarini tanlab olish bo‘yicha “Taraqqiyot” respublika tanloviga arizalar qabuli boshlandi.

Tanlov g‘oliblari rivojlangan davlatlarda o‘z sohasi bo‘yicha 3 oylik malaka oshirish kurslarida o‘qish, pul mukofoti bilan taqdirlanishi va, eng asosiysi, davlat tashkilotlarida rahbarlik lavozimiga tayinlanishi belgilangan.

Buning uchun, nomzod tayanch oliy ma’lumotga va tegishli sohada rahbarlik lavozimida kamida 3 yillik ish tajribasiga ega, 30 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan (45 yosh ham qo‘shilgan holda) O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lishi shart.

O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi Respublika komissiyasining ishchi organi hisoblanadi. Tanlovning xolisona va shaffof o‘tkazilishi, shuningdek, nomzodlarning sifatli va xolisona tanlab olinishi, qo‘yiladigan talablarga ularning muvofiqligi uchun javobgarlik Respublika komissiyasi zimmasiga yuklanadi.

Arizalar joriy yilning 30 oktyabriga qadar havola orqali onlayn qabul qilinadi.