Bolalarni boshlang‘ich ta’limga majburiy bir yillik tayyorlashga bosqichma-bosqich o‘tish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Vazirlar mahkamasi qarori e’lon qilindi.
Qarorga muvofiq, 2018−2019 o‘quv yilidan boshlab Qoraqalpog‘iston (176 ta guruh), Farg‘ona viloyati (126 ta guruh) hamda Toshkent shahrida (183 ta guruh) bolalarni majburiy ta’limga bepul bir yillik tayyorlashni joriy etish tajriba loyihasi amalga oshiriladi.
Shuningdek, qaror bilan bolalarni boshlang‘ich ta’limga majburiy bir yillik bepul tayyorlash tajriba guruhlarini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, tajriba guruhlari maktabgacha ta’lim muassasalariga bormaydigan bolalarga maktabgacha ta’lim va tarbiya olishda yordam berish, buning uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida tashkil etiladi.
Tajriba guruhlariga joriy yilning 1 sentyabr kunida 5 yoshu 6 oylik bo‘lgan, maktabgacha ta’lim muassasasiga bormayotgan bolalar qabul qilinadi. Bitta guruhda bolalar soni 30 nafardan oshmasligi kerak.
Majburiy tayyorlov guruhlari uchun 2018−2019 o‘quv yili 2018 yil 10 dekabrdan boshlandi va 2019 yil 10 avgustda tamomlanadi.
Boshlang‘ich ta’limga majburiy bir yillik tayyorgarlikdan o‘tgan bolalarga tegishli davlat namunasidagi sertifikatlar beriladi.