Fyerroqotishmalar ishlab chiqarish sexida investitsiya dasturiga asosan ikkinchi loyiha ferrosilikomarganets ishlab chiqarish ob’ekti foydalanishga topshirildi. Bu haqda “O‘zmetkombinat” AJ matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko’ra, qiymati 23,8 million $ bo‘lgan, zamonaviy, energiya tejovchi va ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan ferrosilikomarganets ishlab chiqarish pechi eng zamonaviy avtomat boshqaruv tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, har oyda 800 tonnadan kam bo‘lmagan ferrosilikomarganets ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Yiliga 10 ming tonna mahsulot ishlab chiqariladi. Uning 6 ming tonnasi kombinat, 1 ming tonnasi Respublika ehtiyoji uchun ishlatiladi. 3 ming tonnasi eksportga yo‘naltiriladi. Loyiha asosida 125 kishi ish bilan ta’minlandi.