Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida prezident farmoni e’lon qilindi.

2019 yilning I choragi yakunlari bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga 16,4 trillion so‘m hajmda kreditlar ajratildi, iqtisodiyotda investitsiyalarni o‘zlashtirish hajmlari 1,3 baravarga, yangidan tashkil etilgan tadbirkorlik sub’ektlari soni 2,3 baravarga o‘sdi.

Shu bilan birga, tahlil hozirgi vaqtda aholini tadbirkorlik faoliyatiga kengroq va faol jalb etishga to‘sqinlik qiluvchi, birinchi navbatda davlat organlarining tadbirkorlar bilan muloqot qilishning amaliy va shaffof tizimi mavjud emasligi bilan bog‘liq bo‘lgan bir qancha salbiy omillar saqlanayotganligini ko‘rsatadi.

Tadbirkorlik faoliyatiga kengroq va faol jalb etishga to‘sqinlik qiluvchi omillar

  • tadbirkorlarni qabul qilish va murojaatlarini ko‘rib chiqishning yagona tizimi mavjud emas;
  • mavjud tizimli muammolarni tahlil qilish bo‘yicha ishlarning samarali amalga oshirilmasligi aholining tadbirkorlik faolligini oshirish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash masalalarini sifatli hal qilish imkonini bermayapti;
  • tadbirkorlikni rivojlantirishga va qulay investitsiya muhitini shakllantirishga to‘sqinlik qiluvchi muhim muammolarni aniqlash va hal etish bo‘yicha vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirishning ta’sirchan mexanizmi mavjud emas;
  • tadbirkorlar bilan bevosita muloqot qilishga, shuningdek, ularning qonuniy talablarini aniqlash va tezkorlik bilan hal qilishga hamda muammolarni bartaraf etishga yetarlicha e’tibor berilmayapti;
  • tadbirkorlarning murojaatlari bilan ishlashda,ayniqsa, joylarda byurokratik to‘siqlar va g‘ovlar uchrab turibdi, “Har bir oila — tadbirkor"dasturi va tadbirkorlarning kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishga yo‘naltirilgan tashabbuslarini o‘z vaqtida amalga oshirish,ushbu jarayonga yoshlar va xotin-qizlarni jalb qilish, barqaror yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi turli toifalarining moddiy farovonligini oshirish barcha darajadagi hokimliklar va ularning rahbarlari tomonidan zarur darajada qo‘llab-quvvatlanmayapti.

Mavjud muammolarni hal etish maqsadida Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari tashkil etiladi.

Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalarida tadbirkorlarni, shu jumladan, chet ellik investorlarni qabul qilish hokimliklar, Savdo-sanoat palatasining tadbirkorlikka ko‘maklashish markazlari, investitsiyalar va savdo, adliya, soliq inspeksiyasi, qurilish, davlat kadastri organlari, bank va boshqa tashkilotlarning hududiy organlari vakillari ishtirokida tasdiqlangan jadval bo‘yicha har kuni amalga oshiriladi.

Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

  • tadbirkorlik subyektlarini hamda chet ellik investorlarni qabul qilish, shu jumladan, videokonferensaloqa vositasida va sayyor qabullarni o‘tkazish;
  • tadbirkorlik subyektlarining, shu jumladan, chet ellik investorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilinishini ta’minlash;
  • tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan muammoli masalalarni ko‘rib chiqish va mavjud byurokratik, shu jumladan, yer uchastkalari va binolar, kreditlar ajratish, ruxsat beruvchi hujjatlarni olish masalalaridagi to‘siqlarni bartaraf etish;
  • tadbirkorlikni rivojlantirishga va chet el investitsiyalarini jalb etishga to‘sqinlik qilayotgan tizimli muammolarni monitoring qilish, umumlashtirish va tahlil qilish, shuningdek, bu sohadagi qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
  • tadbirkorlarning muammolarini hal etish maqsadida ularni qabul qilish, umumlashtirish, monitoring olib borish va nazorat qilish uchun samarali platforma joriy etilishini nazarda tutuvchi “business.gov.uz” yagona interaktiv portali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash.