Mart oyining boshida Spot barcha banklarning iste’mol kreditlari shartlarini taqqosladi. O‘shandan beri minimal stavka 22%dan 23% gacha ko‘tarildi.

Agar ilgari boshlang‘ich to‘lov talab qilinmagan bo‘lsa, endi banklar kredit summasining ma’lum miqdorini to‘laganda pasaytirilgan stavkalarni taklif qilmoqdalar.

Masalan, “Ipoteka-bank"da agar mijoz kredit asosida sotib olingan tovarlar yoki xizmatlar qiymatining kamida to‘rtdan birini to‘lasa, u holda kredit 26%da beriladi, dastlabki to‘lovsiz esa huddi shunday davr uchun stavka 30%ni tashkil etadi.

“Turon Bank"da boshlang‘ich badalni 25%dan 34%gacha qo‘yish stavkani 29%dan 26%gacha, 35%dan yuqori badal esa O‘zbekiston banklaridagi iste’mol kreditlarining eng past stavkasi — 23%gacha kamaytirish imkonini beradi.

Kredit muddati deyarli o‘zgarmadi — bir yildan uch yilgacha. Mijoz bankning pullaridan qancha uzoq vaqt foydalansa, shuncha ko‘p foizlarni to‘lashi kerak bo‘ladi. Har bir qo‘shimcha yil bilan stavka o‘rtacha 2%ga o‘sadi.

Maksimal 5 yilgacha bo‘lgan kredit “Qishloq qurilish bank” va Xalq banki tomonidan faqat energiya tejaydigan isitish qozonlarini o‘rnatish uchun beriladi.

Banklar kredit miqdorini qarz oluvchining moliyaviy ahvolidan kelib chiqqan holda aniqlaydilar, bunda to‘lov miqdori uning oylik daromadi yarmidan oshmasligi kerak.

Eng kam ish haqining oshirilishi bilan maksimal miqdor 3−11 mln so‘mga yetdi.

Iste’mol krediti quyidagi maqsadlar uchun beriladi:

  • mebel, maishiy texnika, zargarlik buyumlari sotib olish;
  • davolanish, o‘qish yoki sayohat qilish uchun to‘lov;
  • bazmlarni o‘tkazish (to‘y, yubileylar);
  • ta’mirlash (xizmat haqi, qurilish materiallarini xarid qilish) va boshqalar.

Bank pullarni kartaga o‘tkazib yoki naqd holda bermaydi, balki kreditga olinayotgan tovarlar yoki xizmatlarni pul o‘tkazish orqali to‘lab beradi. Bu, masalan, maishiy texnika yoki mebel sotib olishda qiyinchilik tug’dirmaydi, lekin agar mijoz uy-joyini ta’mirlash uchun pul oladigan bo‘lsa albatta muammoga aylanishi mumkin. Qurilish materiallarini sotib olish qiyin emas, lekin ustalarning ishi o‘z hamyondan to‘lanishi yoki rasmiy ravishda xizmat ko‘rsatadigan kompaniyalarni izlash kerak bo‘ladi.

Eng kam ish haqining 100 baravarigacha bo‘lgan kreditlar uchinchi tomon va sug‘urta polisi tomonidan kafolatlanadi.

Faqat bitta bankda (O‘zmilliybank) imtiyozli davr (uch oy) mavjud. Bu vaqtda, kreditning faqat foizlari to‘lanadi.

Yana qaysi banklarda shartlar o‘zgardi?

Hamkorbank"da stavka besh foizli punktga pasayib, 30%ni tashkil etdi. Qolgan shartlar o‘zgarishsiz qoldi: muddati — uch yilgacha, miqdori — 200 EKIHgacha.

“Aloqabank” qo‘shimcha shartlarni joriy etdi. Endi kredit bir yildan ikki yilgacha yillik 30%li stavka bilan berilishi mumkin (ilgari faqat bir yilgacha 28%li stavkada berilar edi).

OFB (24%) va Ziraat Bank'da (muddatga qarab 26−28%) stavkalar 2%ga ko‘tarildi.

Trastbank"da iste’mol kreditlari qatorida yangi “Universal” paydo bo‘ldi. Kredit bir yil va ikki yilga 100 EKIHgacha mos ravishda 30% va 32%da, uch yil uchun esa — 34% bilan 200 EKIHgacha beriladi.

Hozirda “O‘zsanoatqurilishbank” mablag‘larni faqat bir yilga ajratmoqda (ilgari uch yilgacha berilgan). Boshlang‘ich badalsiz kredit 26% (100 EKIHgacha) va 28%da (300 EKIHgacha) beriladi. Stavka 25% boshlang‘ich to‘lov evaziga 24% gacha tushiriladi.

Shuningdek, bank muqobil energiya uskunalari, o‘quv qurollari va yosh oilalarga mebel, jihozlar sotib olish va va to‘y o‘tkazish uchun Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi (16%) bo‘yicha imtiyozli kreditlar beradi.

Turon Bank korporativ mijozlari uchun alohida shartlarni taklif qiladi. Ular uchun foiz stavkasi dastlabki to‘lov miqdoriga qarab 1−3% ga pasaytiriladi.

Spot aniq ma’lumot olish uchun bankning o‘ziga murojaat qilishingizni tavsiya qiladi, chunki shartlar bir qancha omillarga bog’liq.