O‘zbekistonda o‘rta biznes toifasi joriy etiladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lumotlarida keltirilgan.

Ko‘plab chet mamlakatlarda biznes subyektlari 3 toifaga (kichik, o‘rta va yirik) bo‘lingan va davlat tomonidan har bir toifaga nisbatan alohida qo‘llab-quvvatlash siyosati olib boriladi.

Lekin O‘zbekistonda iqtisodiyot rivojida alohida rol o‘ynaydigan “o‘rta biznes” tushunchasi, afsuski, umuman yo‘q.

Shuning uchun, prezident Vazirlar Mahkamasi va tegishli vazirliklarga o‘rta biznes toifasini joriy etish, kichik, o‘rta, yirik biznes mezonlarini qayta ko‘rib chiqish, ularni alohida mexanizmlar asosida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish bo‘yicha uch oy muddatda aniq takliflarni ishlab chiqish vazifasini yukladi.

Shuningdek, biznes yuritish, litsenziya va ruxsatnomalarni olish bo‘yicha kiritilgan yangiliklar amaliyotda hali to‘liq ishga tushib ketmayotgani tanqid qilindi.

Xususan, Davlat xizmatlari yagona reyestriga kiritilgan 693 ta xizmat turidan atigi 103 tasi yoki 15 foizi Davlat xizmatlari markazlari orqali va elektron tarzda ko‘rsatilmoqda, xolos. Bu esa tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan shaxslarga qiyinchilik tug‘dirmoqda.

Shu sababli, Adliya vazirligiga tadbirkorlarga onlayn tizimda axborot-maslahat xizmatlarini joriy etish, qog‘ozda ko‘rsatilayotgan barcha davlat xizmatlarini elektron ko‘rinishga o‘tkazish bo‘yicha bir oy muddatda tegishli qaror loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi topshirildi.