2019 yil yanvar oyida Spot O‘zbekiston banklaridagi avtokreditlar bo‘yicha ma’lumot bergan edi. O‘shanda 2018 yil kuzgi kuzatuv bilan taqqoslaganda juda ko‘p o‘zgarishlar (ba'zi banklarda avtokredit berish to’xtatildi, shartlar va foiz stavkalari o‘zgardi) bo‘lgani ma’lum qilindi.

Iyun oyida esa ayrim banklar yana avtokreditlar berishni boshladi, ba’zilari to‘xtatdi, shartlar o‘zgardi.

Bugungi kunga kelib avtokredit bozorida ko‘p o‘zgarishlar bo‘ldi: bir qator banklar avtokreditlar berishni to‘xtatdi, shartlar o‘zgardi, foiz stavkalari oshirildi.

Foiz stavkalari baland bo‘lsa-da, aholining avtokreditga bo‘lgan ehtiyoji ham yuqoriligicha qolmoqda.

Markaziy bank tomonidan iqtisodiyotdagi inflyatsion kutilmalarni aniqlash bo‘yicha o’tkazilgan so‘rovda aholining kreditga bo‘lgan munosabati o‘rganilganda respondentlarning 21%i avtomobil kreditidan foydalanish niyatida ekanligini bildirdi.

Quyidagi ma’lumotlar maqola nashr qilingan vaqtda aktual hisoblanadi va Spot shartlar tez-tez o‘zgarib turayotganligi bois ma’lumotlarni aniqlashtirish yuzasidan bankka murojaat qilishni maslahat beradi.

“Ipak Yo‘li” banki

Kreditni 36 oyga olish mumkin. Boshlang‘ich to‘lov 40%dan boshlanadi, foiz stavkasi — 23,8%ni tashkil etadi. Kreditning maksimal miqdori avtomobil modelidan kelib chiqib belgilanadi.

“Asia Alliance Bank”

Kredit 25% miqdorida boshlang‘ich badal to’lanishi sharti bilan avtomobil qiymatining eng ko’pi bilan 75% miqdorida beriladi. Foiz stavkasi boshlang‘ich to‘lovdan kelib chiqib belgilanadi:

  • 25%dan 49%gacha — 27%;
  • 50%dan 74%gacha — 26%;
  • 75% va undan yuqori bo‘lsa, u holda 25%ni tashkil etadi.

“InfinBANK”

Kredit 12 oygacha muddatga beriladi, foiz stavkasi boshlang‘ich to‘lovdan kelib chiqqan holda 30−38%ni tashkil etadi. Boshlang‘ich to‘lov 25%dan boshlanadi.

“Davrbank”

Kreditlar 36 oygacha bo‘lgan muddatga beriladi. Foiz stavkasi boshlang‘ich to‘lovdan kelib chiqib belgilanadi:

  • to‘lov 50% bo‘lganda stavka — 18%;
  • to‘lov 40% bo‘lganda stavka — 23%;
  • to‘lov 35% bo‘lganda stavka — 28%.

“Ravnaq-bank”

Kreditlar 1 yildan 3 yilgacha beriladi. Boshlang‘ich to‘lov 30%ni tashkil etadi. Foiz stavkasi — 1 yilgacha 28%, uch yilgacha — 32%. Kredit miqdori cheklanmagan.

“Ipoteka-Bank”

Foiz stavkasi 30%. Kredit summasi — EKIHning 700 barobarigacha. Kredit uch oylik imtiyozli davr bilan 1 yilgacha bo‘lgan muddatga beriladi.

“Orient Finans” bank

Avtokreditlar 300 mlndan ko‘p bo‘lmagan miqdorda 4 yilgacha muddatga beriladi. Stavka boshlang‘ich to‘lov miqdoriga bog‘liq: 25% bo‘lsa, stavkasi 28%, 40% bo’lganda — 27%, 50% va undan ko‘p bo‘lsa — 26% bo‘ladi.

“Hamkorbank”

Kredit 36 oygacha beriladi. Miqdori — EKIHning 1000 barobarigacha. Minimal boshlang‘ich to‘lov va foiz stavkasi 30%ni tashkil etadi.