Bugun Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahridan “Flynas” aviakompaniyasi tomonidan Toshkent shahriga birinchi aviaparvoz amalga oshiriladi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi maʼlum qildi.

“Flynas” parvozlari muntazam amalga oshirilib boriladi, buning ortidan sayyohlar oqimi koʻpaytiriladi, Oʻzbekistonning yirik turistik kompaniya va agentliklari vakillarini Saudiya Arabistoniga yuboriladi.

“Mazkur reys, ikki davlat oʻrtasidagi doʻstlik aloqalarini yana-da mustahkamlashga hamda mamlakatimizga Saudiya Arabistoni Qirolligidan tashrif buyuruvchi turistlarning sonini oshishiga oʻz hissasini qoʻshadi” , — deyilgan vazirlik xabarida.

Maʼlumot uchun: “Flynas” (ilgari Nas Air) 2007-yilda tashkil topgan. Flynas World Travel Awards tomonidan ketma-ket besh yil va Skytrax tomonidan ketma-ket uch yil davomida Yaqin Sharqning arzon narxlardagi yetakchi aviakompaniyasi deb topilgan.

Ushbu kompaniya eng yirik byudjet aviakompaniyalardan biri hisoblanadi. 17ta mahalliy va 53ta xalqaro yoʻnalishlar boʻyicha muntazam reyslarni amalga oshiradi hamda 27 ta samolyotlar parkiga ega.