️Hukumat qarori bilan (610-son, 29.09.2021 y.) Ko‘chmas mulk ob’ektlarining davlat kadastri sohasida davlat xizmatlari narxlarini belgilash tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi.

Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, dehqon xo‘jaliklarini yuritish uchun berilgan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik va davlat reyestridan ko‘chirmalar berganlik bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatilganda to‘lov undirilmasligi belgilandi.

Eslatib o’tamiz, joriy yilning aprel oyida Prezident “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida"gi Qonunni imzolagan edi.

Unga ko’ra, dehqon xo‘jaligi dehqon xo‘jaligi boshlig‘ining davlat xizmatlari markazlariga shaxsan tashrifi vositasida yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali hisobga qo‘yilishi yoki davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi belgilangan edi.

Shuningdek:

  • davlat boji va yig‘im undirilmaydi;
  • dehqon xo‘jaligini yuritish uchun 0,06 gektardan 1 gektargacha bo‘lgan o‘lchamda yer uchastkalari beriladi;
  • qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning asosiy ekindan bo‘shagan qismi 0,06 gektardan 10 gektargacha bo‘lgan o‘lchamda bir yilgacha bo‘lgan muddatga ikkilamchi ijaraga (uchinchi shaxslarga berish huquqisiz) berilishi mumkin;
  • berilgan yer uchastkasidan faqat qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun foydalanilishi kerak;
  • bunday yer uchastkasida 10 boshgacha chorva molni o‘tlatishga yo‘l qo‘yiladi.